"Faqat qaror qabul qiladigan emas, uni amalga oshirishga qodir BMT kerak": Saida Mirziyoyeva BMT minbarida nuqt soʻzladi
Prezident Administratsiyasi rahbari milliy chegaralarni tan olmaydigan global tahdidlarga hech bir davlatning yolgʻiz oʻzi qarshi tura olmasligini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, bugun BMT har qachongidan ham koʻproq zarur. Saida Mirziyoyeva tashkilotni isloh qilish zarurligini bildirib, tashkilot qarorlarni qabul qilish va ularni amalga oshirishga qodir, har bir davlatning ovozi eshitiladigan tuzilma boʻlishi kerakligini aytdi.

24 sentabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shahrida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh shtabida boʻlib oʻtayotgan kengaytirilgan 81-Bosh Assambleyasida nutq soʻzladi. Unda Saida Mirziyoyeva bir qancha global va dolzarb masalalarga toʻxtaldi.
Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbari dunyo hamjamiyatiga kuchli va har bir mamlakatning ovozini eshitadigan tashkilot kerakligini bildirdi.
“Bizga faqat qaror qabul qiladigan emas, qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak”, deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston BMT bosh kotibining tashkilotni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan BMT-80 tashabbusi doirasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, Saida Mirziyoyeva tashkilotning xavfsizlik masalasi boʻyicha tuzilmasini kengaytirish taklifini ilgari surdi.
Saida Mirziyoyeva nutqining avvalida bugun dunyo mamlakatlari oldiga tobora koʻproq qoʻyilayotgan «Siz qaysi tomondasiz?» degan savolni tilga oldi. Uning taʼkidlashicha, urushlar va oʻzaro ishonchsizlik kuchayib borayotgan sharoitda Oʻzbekiston ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik va muloqot yoʻlini tanlamoqda.
«Oʻzbekistonning bu savolga javobi aniq. Biz inson qadr-qimmati tomonidamiz. Biz tinchlik, taraqqiyot va inson qadr-qimmatini yagona vazifa sifatida koʻramiz», — dedi u.
Prezident Administratsiyasi rahbari milliy chegaralarni tan olmaydigan global tahdidlarga hech bir davlatning yolgʻiz oʻzi qarshi tura olmasligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan, uning taʼkidlashicha, bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti har qachongidan ham koʻproq zarur. Saida Mirziyoyeva BMTni isloh qilish zarurligini bildirib, tashkilot qarorlarni qabul qilish va ularni amalga oshirishga qodir, har bir davlatning ovozi eshitiladigan tuzilma boʻlishi kerakligini aytdi.
U BMT Bosh kotibining "BMT-80" tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirib, Xavfsizlik Kengashi tarkibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda kengaytirish tarafdori ekanini taʼkidladi. Saida Mirziyoyevaning aytishicha, Oʻzbekiston 2027 yilda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi. Ushbu davrni keskinlik kuchaygan sharoitda muloqot maydonini kengaytirish imkoniyati sifatida koʻrish mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekiston BMT Xavfsizlik Kengashining 2035–2036 yillardagi doimiy boʻlmagan aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surgan. Saida Mirziyoyeva nutqida mamlakatlardan Oʻzbekiston nomzodini qoʻllab-quvvatlashni soʻradi.
Markaziy Osiyodagi jarayonlarga toʻxtalar ekan, Saida Mirziyoyeva davlat rahbarlarining siyosiy irodasi mintaqadagi munosabatlar xususiyatini oʻzgartirganini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, avvalgi nizolar oʻrnini sheriklik munosabatlari egallamoqda. Shu bilan birga, u Afgʻonistonni faqat tahdid manbai sifatida koʻrmaslik va uning xalqini mavjud qiyinchiliklar bilan yolgʻiz qoldirmaslikka chaqirdi.




