"Anorbank" aksiyadori Qahramon Olimov Interpol qidiruviga berildi
Avvalroq Olimov Oʻzbekistonda sirtdan qamoqqa olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar berilgandi. Unga odam oʻgʻirlash aybi qoʻyildi.

"Anorbank" aksiyadori Qahramon Olimov xalqaro qidiruvga berildi. Uning ismi Interpolning “qizil bildirishnomalar” roʻyxatida paydo boʻlgan.
Qidiruv kartochkasida Qahramon Olimov 1977 yil 7 mayda Andijon viloyatida tugʻilgani, Oʻzbekiston fuqarosi ekani hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarini bilishi bayon qilingan. Biroq uning qanday turdagi jinoyatda ayblanayotgani, qidiruv tashabbuskori va boshqa tafsilotlar koʻrsatilmagan.

Avvalroq OAV Qahramon Olimovning yaqinlaridan boʻlgan manbaga tayanib, u Oʻzbekistonda sirtdan qamoqqa olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgandi.
Soʻngra Anorbank rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda voqea bankning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqador boʻlmagan aksiyadorlardan birining shaxsiy masalasi sifatida izohlandi.




