platina.uz
Jamiyat

Andijonda zamonaviy intensiv usulda koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyildi

Koʻchatlar yerda emas, urugʻidan maxsus kichik idishlarda issiqxona sharoitida zamonaviy texnologiyalar tizimi yordamida parvarish qilinishi sababli tez muddatlarda oʻsib tayyor boʻladi. Natijada vaqt, energiya va xarajat tejaladi. Bu ilgʻor tizim koʻmagida xorijdan keltirilgan oʻsimliklar urugʻlarining mamlakatimiz iqlim sharoitiga moslashuvchanligi taʼminlanadi. 

Andijonda zamonaviy intensiv usulda koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyildi

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ayni damda Andijon viloyatida rasmiy tashrif bilan boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishmoqda.

Taʼkidlash joizki, hududda Prezident tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangicha tizimga oʻtilmoqda. Xususan, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan Andijon davlat oʻrmon xoʻjaligining Baliqchi oʻrmon boʻlimi hududida yangi zamonaviy koʻchatxona barpo etilgan.

​Maʼlumot uchun, Prezidentning 2025 yil 30 maydagi 90-son Farmonida “Yashil makon” umummilliy loyihasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, oʻrmonlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy koʻchatchilikni rivojlantirish, urugʻchilik va seleksiya ishlarini kuchaytirish hamda sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Zamonaviy koʻchatxonalar ham bu borada muhim qadam hisoblanadi.

​Taʼkidlash joizki, Janubiy Koreyaning zamonaviy ilgʻor texnologiyalari bilan jihozlangan ushbu koʻchatxonaning umumiy yer maydoni 5 yarim gektardan iborat. Bugun bu yerda qariyb 40 xil turdagi daraxt va buta koʻchatlari hamda dorivor oʻsimliklar intensiv usulda parvarish qilinmoqda.

Mutaxassislarga koʻra, koʻchat yetishtirishda ushbu zamonaviy usullarning bir qancha oʻziga xos afzalliklari mavjud. Birinchidan, koʻchatlar yerda emas, urugʻidan maxsus kichik idishlarda issiqxona sharoitida zamonaviy texnologiyalar tizimi yordamida parvarish qilinishi sababli tez muddatlarda oʻsib tayyor boʻladi. Natijada vaqt, energiya va xarajat tejaladi. Ikkinchidan, bu ilgʻor tizim koʻmagida xorijdan keltirilgan oʻsimliklar urugʻlarining mamlakatimiz iqlim sharoitiga moslashuvchanligi taʼminlanadi. Bunday muhitda yetishtiriladigan koʻchatlarning koʻkaruvchanlik darajasi ham sezilarli ortadi.

​Bu yerda qurilgan har bir infratuzilma obʼekti, joriy etilgan har bir texnologiya va yoʻlga qoʻyilgan har bir agrotexnik jarayon bitta maqsadga — yuqori sifatli, standart talablariga javob beradigan hamda yuqori yashovchanlik xususiyatiga ega koʻchatlarni yetishtirishga xizmat qiladi. Asosiy maqsad Andijon va boshqa ilgʻor oʻrmon xoʻjaliklarida amalga oshirilayotgan tadbirlarni boshqa barcha hududlarda keng joriy etish, sohani “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida tizimli rivojlantirishdan iborat. Muhimi, bunday koʻchatxonalar mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini sifatli koʻchatlar bilan taʼminlash, himoya oʻrmonzorlari barpo etish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, shahar va qishloqlarda yashil hududlarni kengaytirish hamda iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Andijonda zamonaviy intensiv usulda koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyildi

​Taʼkidlash joizki, Prezident tashabbusi bilan nafaqat Andijon, balki butun Respublika miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda yangi tizimga oʻtilmoqda. Unga koʻra, rayonlashtirilgan ekish mavsumiga amal qilinadi. Koʻchatlar ob-havo, gidrometeorologik maʼlumotlar va olimlar xulosalari asosida, hudud iqlimi va tuprogʻiga mos turlardan tanlanadi.

Mahalliy, shoʻrlanish, sovuq, issiq va suvsizlikka chidamli turlarga ustuvorlik berilib, yer tayyorlash, tejamkor sugʻorish, masʼullarni belgilash va 3 yillik parvarishni qamrab olgan toʻliq sikldi yondashuv joriy etiladi. Loyihani amalga oshirish jarayoni elektron platforma, sunʼiy intellekt va masofaviy monitoring orqali nazorat qilinadi.

​Bundan tashqari, 2026 yil 1 oktabrdan “Mahallam — yashilzor” dasturi doirasida mahallalarni koʻkalamzorlashtirish, mikro-oʻrmonlar va kichik jamoat bogʻlarini barpo etish, fuqarolarga daraxt ekish va parvarishlash boʻyicha amaliy koʻnikmalar berish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, “3-30-300” tamoyili asosida yashil hududlarni koʻpaytirish, kompostlash va mulchalashni keng joriy etish, “Yashil lot”larni tashkil qilish hamda “Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan. 2027 yildan davlat tashkilotlarida gazon ekish bosqichma-bosqich cheklanib, mavjud gazonlarni suv tejovchi kseriskeyping usuliga oʻtkazish koʻzda tutilgan. 2026 yil kuz mavsumida jami 140 ming tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid