Toshkentda avtomobillarni jarima maydonchalariga joylashtirish raqamlashtiriladi
Yangi tartib 2026 yil 1 oktabrdan boshlab amal qiladi. Transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish boʻyicha ruxsatnoma mansabdor shaxslar tomonidan QR-kod bilan tasdiqlanib, haydovchiga elektron tarzda yuboriladi.

Toshkentda avtomobillarni jarima maydonchalariga joylashtirish raqamlashtiriladi.
2026 yil 1 oktabrdan boshlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Jarima maydonchasi” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi moduli ishga tushiriladi.
Hukumat qaroriga koʻra, qonunchilik buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini jarima maydonchasiga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va chiqarishga ruxsat berish jarayonlari elektron tarzda amalga oshiriladi.
Transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish boʻyicha ruxsatnoma mansabdor shaxslar tomonidan QR-kod bilan tasdiqlanib, haydovchiga elektron tarzda yuboriladi. Qoidabuzarlik uchun jarimalar, saqlash toʻlovlari va boshqa majburiy toʻlovlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki tizim orqali elektron shaklda toʻlanadi.
Saqlash xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning axborot tizimlari hamda pul aylanmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Jarima maydonchasi” moduli orqali soliq organlariga avtomatik tarzda yuboriladi. Jarima maydonchalarida 6 oydan ortiq muddat saqlangan va talab qilinmagan transport vositalari tegishli reyestrga kiritiladi.
Ushbu tajriba loyihasi Toshkent shahrida 2034 yil 31 dekabrgacha boʻlgan muddatda amal qiladi. Bu davrda xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar idoralararo komissiya tomonidan ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.
Qaror bilan jarima maydonchalari, ushbu xizmatni koʻrsatadigan yuridik shaxslar uchun talablar ham belgilangan.




