Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida Isroilga texnik magʻlubiyat yozildi
Bunga Yom-Kippur diniy bayrami munosabati bilan oʻyinlar vaqtini oʻzgartirish boʻyicha berilgan soʻrov rad etilgani sabab boʻldi. Avval Pokiston Isroilga qarshi oʻynashdan bosh tortgandi.

2026 yilgi shaxmat Olimpiadasida Isroilning erkaklar va ayollar termalari 6-tur uchrashuvlarida ishtirok etmadi.
Bunga Yom-Kippur diniy bayrami munosabati bilan oʻyinlar vaqtini oʻzgartirish boʻyicha berilgan soʻrov rad etilgani sabab boʻldi. Bu haqda "World Chess" xabar qildi.
Samarqandda oʻtkazilayotgan shaxmat Olimpiadasining 6-turida Isroilning erkaklar termasi Niderlandiya, ayollar termasi esa Bolgariyaga qarshi bahs olib borishi kerak edi. Biroq ikki jamoa ham belgilangan vaqtda oʻyinga chiqmadi.
Natijada Niderlandiya erkaklar oʻrtasidagi bahsda, Bolgariya esa ayollar oʻrtasidagi uchrashuvda 4:0 hisobida texnik gʻalaba qayd etdi. Bu uchrashuvlarda birorta ham yurish amalga oshirilmagan.
Isroil tomoni 6-tur uchrashuvlarini Yom-Kippur munosabati bilan oʻzgartirishni soʻragan. Jamoa bahslarni 21 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:30 dan keyin boshlash yoki 22 sentabr — Olimpiadadagi dam olish kuniga koʻchirishni taklif qilgan.
Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) ushbu taklifni Niderlandiya va Bolgariya tomoniga yetkazgan. Biroq ikki jamoa ham belgilangan vaqtni oʻzgartirishga rozi boʻlmagan.
FIDE vakiliga koʻra, musobaqa qoidalariga asosan raqib jamoalar bunday soʻrovni rad etish huquqiga ega.
Eslatib oʻtish kerak, avval Pokiston termasi Isroilga qarshi oʻynamagani uchun texnik magʻlubiyat yozilgandi.




