Oʻzbekiston Qahramoni Parda Ziyatov vafot etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev uning vafot sabab hamdardlik bildirdi. Parda Ziyatov 1990–1995 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015 yillarda Oliy Majlis Senati aʼzosi boʻlgan.

Taniqli fermer, Oʻzbekiston Qahramoni Parda Ziyatov shu yil 23 sentabr kuni 79 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning vafot sabab hamdardlik bildirdi.
Parda Ziyatov 1947 yili Jizzax viloyatining Sharof Rashidov (sobiq Jizzax) tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatib, Samarqand qishloq xoʻjaligi texnikumida agronom mutaxassisligi boʻyicha tahsil oldi.
Harbiy xizmatni oʻtab kelgach, mehnat faoliyatini tumandagi Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xoʻjaligida tabelchi sifatida boshladi. Keyinchalik mazkur xoʻjalikda brigada boshligʻi, shirkat xoʻjaligi bosh pudratchisi kabi vazifalarda samarali faoliyat koʻrsatdi.
Parda Ziyatov 2003–2018 yillarda Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xoʻjaligiga rahbarlik qilib, mamlakatimizda agrar sohada keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qoʻshdi. U shartnoma rejalarini muntazam ortigʻi bilan bajarib kelgan, paxtachilik va gʻallachilikda oʻz tajriba maktabini yaratgan zahmatkash fermer obroʻ-eʼtibor topdi.
Mashhur fermer koʻplab yoshlarga ustozlik qilib, qishloq xoʻjaligi sohasini malakali kadrlar bilan taʼminlash borasida ham alohida jonbozlik koʻrsatdi.
Parda Ziyatov 1990–1995 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015 yillarda Oliy Majlis Senati aʼzosi hamda koʻp yillar davomida Xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritdi.
Parda Ziyatovning koʻp yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.




