Konstitutsiyaviy sud shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turishni qonunga zid deb topdi
Qarorda bu holatda prokurorni xabardor qilish yoki prokuror sanksiyasi sud qarorining oʻrnini bosa olmasligi qayd etildi.

Konstitutsiyaviy sud shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas deb topdi.
Konstitutsiyaviy sud majlisida shaxsni maʼmuriy tartibda 48 soatdan ortiq ushlab turish imkonini beruvchi norma Konstitutsiyaga muvofiqligi koʻrib chiqildi.
2026 yil 22 sentabr kuni boʻlib oʻtgan majlisda Oliy Majlis, Hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ombudsman, IIV, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Masala Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) murojaati asosida koʻrib chiqildi. Unda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismi Konstitutsiyaning 27-moddasiga muvofiqligi yuzasidan masala qoʻyilgan.
Amaldagi normaga koʻra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali oʻtish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar ayrim holatlarda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan oʻn sutkagacha ushlab turilishi mumkin edi.
Konstitutsiyaning 27-moddasida esa shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilangan.
Konstitutsiyaviy sud mazkur normalarda 48 soatdan ortiq ushlab turish zarurati tugʻilganda sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmaganiga eʼtibor qaratdi.
Shu asosda Konstitutsiyaviy sud mazkur normani Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq emas deb topdi.
Qarorda shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorni xabardor qilish yoki prokuror sanksiyasi sud qarorining oʻrnini bosa olmasligi qayd etildi.
Mazkur qaror shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini taʼminlash, sud nazoratini kuchaytirish va maʼmuriy ushlab turish tartibini Konstitutsiya talablariga muvofiqlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.




