platina.uz
Jamiyat

“Bu shunchaki koʻzni shamgʻalat qilish”: faollar yashil hududda avtoturargoh qurilishiga qarshi

Toshkent markazida Milliy kutubxona va Yoshlar ijod saroyi oʻrtasidagi 1,3 gektar yashil hududa avtoturargoh qurish rejasi eʼtirozlarga sabab boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentidagi faollar bu haqida oʻz fikrlarini bildirishdi va mavhum qolayotgan savollarni oʻrtaga tashlashdi.

“Bu shunchaki koʻzni shamgʻalat qilish”: faollar yashil hududda avtoturargoh qurilishiga qarshi

Toshkent markazida Milliy kutubxona va Yoshlar ijod saroyi oʻrtasidagi 1,3 gektar yashil hududda avtoturargoh qurish rejasi jamoatchilik faollari eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Kecha, Toshkent shahrining qoq markazida pulli “parkovka” tashkil qilinishi boʻyicha hokimlik qarori haqida material eʼlon qilingan edi. Gap Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi, Mustaqillik maydoni va Iqtisodiyot va moliya vazirligi binolari oraligʻida joylashgan, hozirda toʻliq koʻkalamzorlashtirilgan hudud haqida ketmoqda.

Shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan 14 sentabrda imzolangan qaror Milliy kutubxona ortidagi yashil hududda davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish shartlarini tasdiqlagan. “Toshkent Invest” kompaniyasi davlat sherigi sifatida belgilanib, yer soligʻi stavkasi 514 mln 228 ming soʻm etib koʻrsatilgan. Shartlarga koʻra, bu hududda tashkil etiladigan avtoturargohdan tushadigan toʻlovlarning 15 foizi davlat sherigiga, 5 foizi esa “Pulli toʻxtash joyi” operatoriga oʻtkaziladi.

Nega aynan shu joy tanlangani boʻyicha, hokimlik vakili Platina.uz savollariga javob bergan edi. Ammo kun boʻyi hokimlikning bu “tashabbusi” ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentidagi faollar bu haqida oʻz fikrlarini bildirishdi va mavhum qolayotgan narsalar boʻyicha savollarini oʻrtaga tashlashdi.

Kutubxona va bir qancha tashkilot hamda idoralar joylashgan hudud taqdiri jamoatchilik faollarida xavotir uygʻotmoqda.

“Texnik shartlarda avtoturargoh bilan birga, “xiyobon tashkil qilish” rejasi ham koʻzda tutilgan boʻlsa-da, bu shunchaki koʻzni shamgʻalat qilishdan boshqa narsa emas, deb oʻylaymiz. Shundoq ham xiyobon u yerlar”, – deya yozadi “Davletov.uz” Telegram kanali asoschisi Qobil Xidirov.

Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev bu hudud xalq uchun xizmat qilayotganini taʼkidlab, agar oʻsha joydagi idoralarga avtomobil qoʻyish uchun joy kerak boʻlsa hokimlik idoralarning hovlilarini xususiy sheriklik asosida investorga berib koʻp qavatli avtoturargoh qurib berish kerakligini yozdi.

“Hech qanaqasiga mantiq yoʻq-da lekin: birinchidan, shu atrofdagi davlat tashkilotlarining bari, hatto Milliy kutubxonaning oʻzi ham yaqin yillarda Yangi Toshkentga koʻchiriladi, u yerdagi amaldorlar mashinasini bu yerga qoʻyib, Yangi Toshkentga ketmaydi-ku. Ikkinchidan, oʻsha atrofda allaqachon pullik avtoturargoh (parkinglar) tashkil qilingan. Ular ham oʻsha yerdagi “mashina qoʻyishga joy topish” muammosini hal qila olmayotgan boʻlsa, yangi 1,3 gektarlik avtoturargoh ham bu muammoni hal qila olmaydi, chunki muammo butunlay boshqa joyda.

Uchinchidan, hokimlik mashina egalariga yaxshilik qilmoqchi boʻlsa, oʻsha atrofdagi ishlayotgan davlat xizmatchilarining mashinalariga joy topib bermoqchi boʻlsa, ana, Qichqiriqda qilgan nou-xausini shu tashkilotlarning hovlilarida tatbiq etsin: har birining hovlisiga qavat-qavat avtomatik avtoturargohlar qurib bersin. Ana oʻsha gʻoyani auksionga chiqarib, xususiy sherik topib, muammoni shunday hal qilaversin. Lekin qishin-yozin xalqqa xizmat qilib turgan bir boʻsh maydonga tegmasin. Soʻramasdan tegishga haqi ham yoʻq.

Bu hokimlikdagi qaror qabul qiluvchilarni hokimni xalq saylab qoʻyganida ham bir navi edi, “ha, endi, xalqning irodasi shu ekan”, deb qoʻya qolsak. Lekin bunday ham emas. Qolaversa, Toshkent faqat haydovchilardan iborat emas. Shahar markazi ham mashinalarniki emas”, – deydi jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev.

Yana bir jamoatchilik faoli va Adliya vazirining Til masalalari boʻyicha maslahatchisi Shahnoza Soatova yashil hududni chopmaslikni aytib, bu hududda ishga mashinada keladigan, kun boʻyi oʻtirib ishlaydigan va tushlik payti yurib vijdonini tinchlantiradigan yashil makon ekanligini oʻzining Telegram sahifasida yozdi.

“Aytgancha, bugun ham avtomobilsiz kun. Ayni kunda shahar markazidagi koʻpchilik piyoda sayr qiladigan yerning avtoturargoh uchun sotuvga chiqarilishi haqida xabar tarqashi bir tasodif boʻlsa-da, juda xunuk tasodifdir.

Bu yerga tegmanglar. Asfalt koʻp poytaxtimizda yozda issiqda yashab boʻlmay qolyapti. Undan koʻra avtomobildan voz kechishga chindan ragʻbat beradigan choralar koʻpaytirilishi kerak. Aks holda "Avtomobilsiz kun"larimiz mohiyatan "Avtomobilni ofisdan nariroqqa qoʻyib kelish kuni" boʻlib qolaveradi”, – deydi Soatova.

Iqtisodchi Botir Qobilov Yoshlar ijod saroyi va Milliy kutubxona oʻrtasidagi yerni “parkovka” qilinayotganini majoziy, ayniqsa shaharning qoq markazida ekanligini xato deb atadi.

“Shahardagi eng qadrli yerni parkovkaga aylantirish bu isrofgarchilik. Shu joyda odamlar yurar edi, biroz boʻlsa ham. 99% vaqtda qimirlamasdan turadigan mashinaga parkovka qilish oʻrniga bolalarga, odamlarga yuradigan, dam oladigan joy qilish kerak edi. Milliy kutubxonaning yonida yana.

Bunday parkovkalar shahar markaziga yanada koʻproq mashinalar kirishiga taklifnoma sifatida xizmat qiladi. Uch qadam uzoqda metro bekati bor. Shaharning qoq markazida mashinada kirib kelishga kamroq ragʻbat yaratish kerak edi, teskarisi boʻlayotgan ekan.

Tabriklayman, markazda yanada koʻproq tirbandlik boʻladi demak”, – deya yozadi iqtisodchi.

Jurnalist Ilyos Safarov ishni tashkil qilishdagi oʻlda-joʻldalik, bir qoʻl bilan qurib ikkinchi qoʻl bilan buzishdek mantiqsizliklar davom etayotgani yozdi. Uning fikricha, avtoturargoh qurilayotgan hudud yoshlar har kuni kelib velosipedda sayr qiladigan, keksalarimiz va oilalar aylanib yurib, sogʻligʻini tiklaydigan, umuman, poytaxt markazidagi sanoqli, eng xushmanzara va jonli maskanlardan biri.

“Postni bekorga ish tashkil qilishdagi oʻlda-joʻldalik masalasidan boshlamadim. Qarang, tez-tez takrorlanayotgan ekologik falokatlardan keyin Toshkentda yashil hududlarni koʻpaytirish haqida juda koʻp gapirilyapti. Bu masalada oʻndan ortiq qaror va farmon chiqqandir, hisobni sanaganim yoʻq. Lekin bir tomonda yashillik haqida gapirilib, ikkinchi tomonda tayyor, necha yillik yashil hududlar auksionga chiqarib sotilmoqda. Axir bu koʻzboʻyamachilikdan boshqa narsa emas-ku. Shaharga mashina sigʻmay qolgan boʻlsa, uning yechimi odamlar sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan hududni asfaltga aylantirish hisobiga boʻlishi kerak emas-ku”, – deya yozadi Safarov.

U shaxsan hali yashil hududni koʻpaytirish topshirigʻi asosida shu paytgacha amalda nima oʻzgarganini bilmasligini, biror maʼlumotga koʻzi tushmaganini aytdi.

“Marhamat, koʻpaytirishgan boʻlsa, hokimlikdagilar chiqib hisob bersin. Lekin men bugun hokimlik poytaxtning eng yaxshi maydonlaridan birini yoʻqotmoqchi ekanini koʻryapman. Bu esa kimlardir boyishi uchun vaziyatning, yashillikning jiddiy manfiyga ketishi.

Shaxsan men poytaxtning bir yashovchisi sifatida xalqqa va shahar ekologiyasiga qarshi jinoyatga teng boʻlgan bu loyihaga qatʼiyan qarshiman. Oʻz taqdirini va kelajagini shu shahar bilan bogʻlagan boshqalar-da bu loyihaga oʻz munosabatini bildirishi, ovozini chiqarishi kerak. Shahar avvalo insonlar uchun.

Hokimlik auksionni darhol bekor qilishi va poytaxt aholisi hamda jamoatchilik oldida uzr soʻrashi kerak”, – deya yozadi jurnalist Ilyos Safarov.

Bu holatga iqtisodchi Behzod Hoshimov ham Telegram sahifasida oʻz fikrini bildirdi.

“Shaharlarda, ayniqsa, markazlarda jerusti avtoturargohlar qurilishi juda bir eski shaharsozlik xatolaridan boʻlar edi. Daraxtlar ekib qoʻyishsa boʻlar edi oʻsha yerlarga”, — deb yozdi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Mobillik va infratuzilma siyosati boʻyicha ekspert Bobur Sirojev Gazeta.uz’ga mazkur holat boʻyicha oʻz izohini berdi. Ekspert savollari:

“Agar amalda avtoturargoh oʻrinlari soni koʻpayayotgan boʻlsa, ushbu avtoturargoh shahar markaziga tushadigan yuklamani qanday qilib kamaytirishi kerak?”

Hozir bu hududda mashinalar faqat Buyuk Turon koʻchasi boʻylab noqonuniy qoʻyilmoqda, ularning soni esa koʻpi bilan 100−150 ta atrofida. Yangi avtoturargoh esa oddiy hisob-kitoblarga koʻra 300−400 ta mashinani sigʻdira oladi. “Bu holat "jamoat joylarini mashinalardan boʻshatish” haqidagi tezisga umuman toʻgʻri kelmaydi”.

Issiq kunlarda kunduzi ushbu hududning markaziy qismida daraxtlar va soya-salqin joylar yoʻqligi sababli u yer sayr qilish uchun unchalik qulay emas. Shu bilan birga, ekspert kechki payt bu yerda roliklarda, skeytbordlarda, samokat va velosipedlarda uchayotgan koʻplab bolali odamlarni koʻrish mumkinligini tasdiqladi.

“Agar bu yer jamoat maydoni sifatida qaraladigan boʻlsa, uni tubdan qayta koʻrib chiqish lozim. Koʻkalamzorlashtirish, soyali qilish va zonalarga qayta ajratish kerak”, — dedi Bobur Sirojev.

Shohjahon Majidov tayyorladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid