Yunusoboddagi maktabda oʻquvchi kaltaklandi: oʻqituvchi ishdan ketishi mumkin
Oʻquvchi oʻzini kaltaklagan oʻqituvchini soʻkkani aytilmoqda. Oʻqituvchi bolani urayotgani sinfda oʻrnatilgan kuzatuv kamerasida ham yozib olingan. Biroq bu video ommaga taqdim etilmagan.

Toshkentning Yunusobod tumanidagi maktabda oʻquvchi kaltaklandi. Natijada oʻqituvchi ishdan olinadigan boʻldi. Bu haqda “Millar” dasturida hikoya qilinadi.
Voqea 15 sentabr kuni soat 8:40 lar atrofida sodir boʻlgan. Oʻsha kuni oʻqituvchi ikki nafar oʻquvchiga qoʻl koʻtargan. Ulardan birini sinfda sudrab, bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgan.
“Oʻgʻlim telefon qildi. Oyijon, yordam bering, oʻrtogʻimni urib oʻldirib qoʻyishyapti, dedi. Kelsam, hamma medpunktda ekan. Bolamning boʻyni qizarib ketgan, dodlagan, yigʻlagan. Yordam bering, 102 qilinglar deyapti, sinfdoshi. Biqinini ushlab oʻtiribdi-da, yigʻlab”, degan oʻquvchilardan birining onasi.
Xabarda aytilishicha, oʻquvchi kaltaklanishiga u oʻqituvchini soʻkishi sabab boʻlgan. Oʻqituvchi bolani urayotgani sinfda oʻrnatilgan kuzatuv kamerasida ham yozib olingan. Biroq bu video ommaga taqdim etish uchun berilmagan. Voqea sodir boʻlgan kuni sinfda yana bir oʻqituvchi ham boʻlgan. Biroq u boshqa bir oʻqituvchi boshqa bir sinf oʻquvchisini urayotganini, koʻrgan boʻlsa-da, indamay sinfni tark etgani aytildi.
Vaziyatga Yunusobod tumani maktabgacha va taʼlimi boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Gulandom Jumaniyozova munosabat bildirdi. Uning aytishicha, oʻrganish natijasiga koʻra tushuntirish xatlari olindi, oʻqituvchiga hayfsan berildi. Holat boʻyicha ichki ishlar xodimlari ham shugʻullanib, oʻqituvchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, endilikda bolaga zoʻravonlik qilgan oʻqituvchilar 2,2 mln soʻmgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha kiritildi. Endilikda oʻqituvchi yoki tarbiyachi bolani ursa, kuch ishlatsa, haqorat qilsa yoki kamsitsa 440 ming soʻmdan 2,2 million soʻmgacha jarima toʻlaydi. Bundan tashqari, javobgarlikka tortilgan pedagog 1 yil davomida oʻqituvchi boʻlib ishlay olmaydi.
