Urbanizatsiya qoʻmitasi: Toshkentdagi yashil hududlar saqlab qolinishi shart
Mazkur bayonot Toshkent markazidagi “Navroʻz” madaniyat va istirohat bogʻining koʻchmas mulklari (yeri bilan) sotuvga qoʻyilishi fonida yangradi.

Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi Toshkentda shahrida yashil hududlar saqlab qolinishi shartligini taʼkidladi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabarida aytiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim yashil hududlar oʻrnida atoturargoh qurilishi, jamoat parki rejalashtirilgan hududlar auksion savdosiga chiqarilgani bilan bogʻliq masalalar keng muhokama qilinmoqda.
Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qoʻmitasiga koʻra, shahar markazidagi mavjud yashil hududlarni kamayishi, aholining sayr qilishi va dam olishi uchun qulay jamoat joylari oʻrnida konstruktiv qurilishlar boʻlishi mutlaqo maqsadga muvofiq emas.
Avtoturargohlarni tashkil etishda koʻkalamzor maydonlarning qisqarishiga hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
Shuningdek, sotuvga chiqarilgani aytilayotgan "Navroʻz" bogʻiga tegishli koʻchmas mulk obʼektlaridan birining yer maydonida Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 fevraldagi 83-son qaroriga koʻra, (Toshkent shahri Yunusobod tumani Matonat mahallasida 1,6 gektar) jamoat parki tashkil etish nazarda tutilgan. Bu hududda albatta, hukumat qaroriga muvofiq jamoat parki barpo etilishini taʼminlash zarur.
Milliy qoʻmita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlarni qisqarishini oldini olish, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini taʼminlash shart, deb hisoblaydi.
Taʼkidlash kerak, “Navroʻz” madaniyat va istirohat bogʻining koʻchmas mulklari (yeri bilan) sotuvga qoʻyilgan.
Hukumat yangi xususiylashtirish dasturi doirasida poytaxtning qoq markazi — Yunusobod tumani Matonat mahallasi, Sharof Rashidov koʻchasidagi ikkita davlat obʼektini sotuvga chiqargan.
Birinchi lot 2 gektarlik hududda joylashgan noturar obʼektning boshlangʻich bahosi 436,3 mlrd soʻm, ikkinchi lot esa 1,2 gektarlik obʼektning boshlangʻich bahosi esa qariyb 223,9 mlrd soʻm etib belgilangan.
Lot hujjatlarida qayd etilishicha, ikkala obʼekt ham “Navroʻz” madaniyat va istirohat bogʻining koʻchmas mulklari hisoblanadi.




