Toshkent viloyatida yoʻlovchi va inspektor oʻrtasida nizo yuz berdi
Xodimlar reyd davomida yoʻlovchi tashish qoidalarini tekshirish uchun yengil mashinani toʻxtatgan. Tekshiruv paytida salondagi yoʻlovchilardan biri sogʻligʻida muammo borligi maʼlum boʻlgan.

Toshkent viloyatida yoʻlovchi va inspektor oʻrtasida nizo kelib chiqdi. Holat aks etgan video tarmoqda tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi rasmiy bayonot berdi.
Unga koʻra, hududiy boʻlim xodimlari reyd davomida yoʻlovchi tashish qoidalarini tekshirish uchun yengil mashinani toʻxtatgan.
Tekshiruv paytida salondagi yoʻlovchilardan biri sogʻligʻida muammo borligini aytgach, inspektorlar haydovchiga harakatni davom ettirishga ruxsat bergan.
Shunga qaramay, yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli masʼul xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv yakuniga koʻra, holatga huquqiy baho berilib, tegishli qaror qabul qilinadi.
