platina.uz
Jamiyat

Toshkent markazi pulli "parkovka"ga aylantirilmoqda

​Toshkent shahar hokimligining Platina.uz’ga maʼlum qilishicha, avtoturargoh sifatida rejalashtirilgan hududda davlat va nodavlat tashkilotlarining koʻpligi hamda avtomobillarning soni tirbandlikni yuzaga keltirayotgani uchun shu hudud tanlab olingan. Biroq hokimlik qarorida 13 ming kvadrat metr hududning aynan qancha qismi avtoturargoh, qancha qismi yashil maydon, piyodalar hududi va boshqa infratuzilmaga ajratilishi aniq koʻrsatilmagan.

Toshkent markazi pulli "parkovka"ga aylantirilmoqda

Toshkentning qoq markazida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda davlat-xususiy sheriklik loyihasi asosida avtoturargoh tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi joriy yilning 14 sentabr kuni tegishli qaror qabul qildi.

​Hokimlik Telegram kanalida eʼlon qilingan xabarga koʻra, loyiha doirasida qoʻshimcha koʻkalamzorlashtirish, 1000 tupdan ortiq daraxt va butalar ekilishi aytilgan. Shuningdek, 720 metr uzunlikdagi yangi piyodalar yoʻlagi barpo etiladi.

​“Davlat-xususiy sheriklikning majburiy shartlaridan biri — hududdagi mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan maydonlarni saqlab qolishdir”, — deyiladi hokimlik xabarida.

​Loyihaga koʻra, avtoturargoh mavjud landshaftga mos qilib barpo qilinadi. Bunda hudud ichidagi va uning atrofida joylashgan daraxtlar saqlanib qolinadi.

​Avtoturargoh uchun ajratilgan yer uchastkasi elektron auksionga chiqarish rejalashtirilmoqda. Mazkur hudud 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Xususiy sherik sifatida tanlab olingandan keyin unga investitsiya majburiyatlarini bajarishi, shuningdek, hududni saqlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishni taʼminlashi lozim boʻladi.

​Bundan tashqari, shartnoma shartlariga koʻra, shahar hokimiyati talabi bilan avtoturargoh hududi bayramlar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun taqdim etilishi lozim. Hududdan bunday maqsadlarda foydalanishning umumiy muddati yiliga 60 kungacha boʻlishi mumkin.

​“Loyihaning maqsadi shahar markazidagi avtomobillar sonini koʻpaytirish emas, balki mavjud transport oqimini tartibga solish va jamoat hududlarini tartibsiz avtoturargohlardan xoli qilishdir”, — taʼkidlanadi xabarda.

​Nega avtoturargoh shahar markazida qurilmoqda?

​Xususiy sheriklik asosida qurilishi rejalashtirilgan avtoturargohning hozirgi hududida yashil maydon va bir qancha tashkilotlar, jumladan Yoshlar saroyi, NBU muzeyi, shuningdek, qator davlat tashkilotlari va idoralari joylashgan.

​Toshkent shahar hokimligining Platina.uz’ga maʼlum qilishicha, avtoturargoh sifatida rejalashtirilgan hududda davlat va nodavlat tashkilotlarining koʻpligi hamda avtomobillarning soni tirbandlikni yuzaga keltirayotgani uchun shu hudud tanlab olingan.

Hokimlik maʼlumotiga koʻra, avtoturargoh tashkil etish uchun daraxtlarni kesish rejalashtirilmagan.

​Shu bilan birga, qarorda 13 ming kvadrat metr hududning aynan qancha qismi avtoturargoh, qancha qismi yashil maydon, piyodalar hududi va boshqa infratuzilmaga ajratilishi aniq koʻrsatilmagan.

​Loyiha, chizmalar va avtoturargoh joylashuv sxemasi belgilangan tartibda kelishilishi kerak.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid