Samarqandda bolalar maktabga eshakda qatnayapti
Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 84-maktab tumandan 40 km uzoq ekani, yoʻllar esa asosan soʻqmoqlardan iborat boʻlgani uchun oʻquvchilar darsga eshaklarda qatnaydi. Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasiga koʻra, hozirda mutasaddi tashkilotlar tomonidan ushbu olis va togʻli hududlarda oʻquvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnashlarini taʼminlash, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar dasturi koʻrib chiqilmoqda.

Tarmoqda oʻquvchilar eshakda maktabga qatnayotgani aks etgan video tarqaldi. Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat boʻyicha izoh berdi.
Aytilishicha, videoda aks etgan holat Kattaqoʻrgʻon tuman markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan “Burgansoy” MFY Olmosuvon qishlogʻidagi 84-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida sodir boʻlgan. Ushbu hudud Qoʻshrabot tumani bilan chegaradosh boʻlib, togʻ yonbagʻirlaridagi kichik va tarqoq qishloqlardan iborat. Ichki yoʻllar asosan soʻqmoqlardan tashkil topgan.
Ayni paytda asosiy maktabda 92 nafar oʻquvchi, maktab filialda esa 21 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Maktab filiali bilan asosiy bino oʻrtasidagi masofa 3 kilometr, asosiy binoga qatnaydigan eng olis masofa esa 4 kilometrni tashkil etadi. 5–11-sinflarda jami 74 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Shundan Olmosuvon qishlogʻidan 45 nafar, filial hududidagi Qoʻshamazor qishlogʻidan 13 nafar, Toʻlali qishlogʻidan 17 nafar va Jilqihaydar qishlogʻidan 17 nafar oʻquvchi asosiy binoga qatnaydi.
“Togʻli hudud va aholi punktlarining tarqoq joylashgani sababli mahalliy aholining aksariyat qismi, jumladan, kundalik harakatlanishda ushbu ulovlardan foydalanadi”, deyiladi rasmiy izohda.
Qayd etilishicha, hozirda mutasaddi tashkilotlar tomonidan ushbu olis va togʻli hududlarda oʻquvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnashlarini taʼminlash, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar dasturi koʻrib chiqilmoqda.
