platina.uz
Sport

Tarixiy natija: Oʻzbekiston shaxmat olimpiadasida yakkapeshqadamga aylandi

Ayniqsa Nodirbek Yoqubboyev va Nihal Sarin oʻrtasida bahs keskin kurashlarga boy boʻldi. Endi Oʻzbekiston-1 jamoasi 23 sentabr kuni turnir jadvalidagi eng yaqin taʼqibchisi Xitoy bilan bellashadi.

Tarixiy natija: Oʻzbekiston shaxmat olimpiadasida yakkapeshqadamga aylandi

Oʻzbekiston terma jamoasi Hindiston ustidan gʻalaba qozondi va Shaxmat olimpiadasida yakkapeshqadam boʻlib oldi.

21 sentabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 6-turi oʻtkazildi.

Oʻzbekistonning birinchi raqamli erkaklar jamoasi gʻoliblikka asosiy daʼvogarlardan biri sanalgan Hindiston vakilariga qarshi dona surdi.

6-tur arafasida ikki jamoa ham 5 tadan gʻalabaga erishgan holda 10 tadan ochko jamgʻargandi, Oʻzbekiston-1 jamoasi faqat qoʻshimcha koʻrsatkichlar hisobiga birinchi oʻrinda joylashgandi. Ushbu bellashuv taqdiri amalda turnir gʻolibi masalasini hal qilishi kutilayotgandi.

Oʻzaro bahs kutilganidek shiddatli kechdi va dramatik yakun topdi. Avvaliga Javohir Sindarov qiyin vaziyatda qolganiga qaramay, Arjun Erigaisi bilan durang qayd etishning uddasidan chiqdi.

Nodirbek Abdusattorov Rameshbabu Praggnandha bilan bahsda murosa koʻchasini tanladi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan ochkoni teng boʻlishib oldi.

Shundan keyin barchaning eʼtibori Nodirbek Yoqubboyev va Nihal Sarin oʻrtasida bahs ketayotgan doskaga qaratildi. Bu bahsda avvaliga hindistonlik shaxmatchi pozitsiya boʻyicha ham, vaqt boʻyicha ham katta ustunlikka ega edi, ammo kutilmaganda ketma-ket xatolarga yoʻl qoʻydi, farzinni oldirgach esa taslim boʻldi.

Shu tariqa, ikki favorit jamoa oʻrtasidagi bahs mezbonlarning 2,5-1,5 hisobidagi ustunligi bilan yakunlandi.

Endi Oʻzbekiston-1 jamoasi 23 sentabr kuni turnir jadvalidagi eng yaqin taʼqibchisi Xitoy bilan bellashadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid