Saudiya Arabistoniga husiylar tahdidi kuchaydi: kim yordam bera oladi?
Saudiya Arabistonining zaifligini harbiy resurslar yetishmasligi bilan izohlash toʻgʻri emas. Muammo tahdidning asimmetrik – tengsiz xususiyatida mujassam. Husiylar Yaman ichidagi quruqlik orqali harbiy bosimini Saudiya hududiga raketa va dron hujumlari hamda dengiz qatnoviga tahdid bilan birlashtira olmoqda.

Yamandagi mojaro koʻp yillik mintaqaviy urushdan Yaqin Sharq xavfsizligining asosiy tugunlaridan biriga aylanib boryapti. Gap endi faqat Saudiya Arabistoni va buzgʻunchi shia jangarilaridan iborat «Ansorulloh» harakati — husiylar oʻrtasidagi qarama-qarshilik haqida emas. Saudiya hududining xavfsizligi, neft infratuzilmasining barqarorligi, Qizil dengiz va Bob al-Mandib orqali erkin kema qatnovi hamda, kengroq maʼnoda, AQSh yana bir yangi front ochilishidan qochishga intilayotgan sharoitda mintaqaviy xavfsizlik tizimining samaradorligi masalasi kun tartibiga chiqdi.
Inqirozning jiddiylashganini Londonning yangi qarori ham koʻrsatdi. 21 sentabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornxem rasmiy Ar-Riyodning harbiy yordam soʻralgan murojaatidan soʻng Qirollik harbiy-havo kuchlari Saudiya Arabistoniga cheklangan mudofaa yordamini koʻrsatishini bildirdi. Britaniyaning Voyager samolyoti mudofaa vazifalarini bajarayotgan Saudiya samolyotlariga havoda yonilgʻi quyishni taʼminlaydi. Missiya vaqtinchalik boʻlib, dastlab bir necha hafta davom etishi kutilmoqda.
Nega tahdidning xarakteri oʻzgardi?
Saudiya Arabistonining zaifligini harbiy resurslar yetishmasligi bilan izohlash toʻgʻri emas. Muammo tahdidning asimmetrik – tengsiz xususiyatida mujassam. Husiylar Yaman ichidagi quruqlik orqali harbiy bosimini Saudiya hududiga raketa va dron hujumlari hamda dengiz qatnoviga tahdid bilan birlashtira olmoqda.
Sentabrda ular Qizil dengiz sohili boʻylab tez ilgarilab, Moxa shahrini va Bob al-Mandib kirish qismi yaqinidagi muhim pozitsiyalarni egalladi. Mazkur voqealar Saudiya Arabistonining Yamandagi pozitsiyalariga soʻnggi yillardagi eng jiddiy zarbalardan biri sifatida koʻrilmoqda. Eskpertlarning aytishicha, bunga husiylarga qarshi kuchlarning tarqoqligi, muvofiqlashtirish muammolari va raqib tayyorgarligini yetarlicha baholamaslik – mensimaslik kabi omillar taʼsir qilyapti.
Chegaralararo hujumlar geografiyasi ham kengaydi. 8 sentabrda Saudiya Arabistoni janubidagi zarbalar oqibatida 73 kishi jarohatlangan. Keyinroq Xamis-Mushayt, Abha va Toifda ham fuqarolar jabrlangani xabar qilindi. 19 sentabr kuni Saudiya tomoni Ar-Riyod tomon yoʻnaltirilgan ballistik raketa urib tushirilganini maʼlum qildi.
15 sentabrdagi voqea esa alohida siyosiy va diniy ahamiyat kasb etdi. Saudiya boshchiligidagi koalitsiya Makkaning janubida muqaddas shahar havo hududi tomon yoʻnalgan dron yoʻq qilinganini bildirdi. Husiylar Makkani nishonga olganini rad etdi. Shu bois voqeani «Makkaga hujum qilingani isbotlangan» deb emas, Saudiya tomonining dron maqsadi haqidagi bayonoti sifatida talqin qilish toʻgʻriroq.
Kezi kelganda eslatish joiz, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Makka tomon yoʻnaltirilgan uchuvchisiz apparat bilan bogʻliq hujum urinishini qatʼiy qoralab, ayni paytda barcha tomonlarni vazminlik va xalqaro huquqqa rioya qilishga chaqirdi.
Bob al-Mandib — inqirozning geoiqtisodiy markazi
Bob al-Mandib Qizil dengizni Adan koʻrfazi va Hind okeani bilan bogʻlaydi. AQSh Energetika axboroti boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning birinchi yarmidayoq ushbu yoʻlak orqali kuniga taxminan 4,2 million barrel neft va neft mahsulotlari tashilgan. Qizil dengizdagi xavf tufayli kemalarni Afrikaning janubi — Yaxshi Umid burni orqali aylantirish tashish muddati va xarajatlarini oshiradi.
Shuning uchun husiylarga global taʼsir koʻrsatish uchun boʻgʻozni jismonan toʻliq yopish shart emas. Kema egalari, sugʻurta kompaniyalari va energetika operatorlari uchun xavfning oshishi oʻziyoq katta iqtisodiy natija berishi mumkin. Vaziyat Ormuz boʻgʻozidagi inqiroz bilan bir vaqtga toʻgʻri kelgani Saudiya muammosini yana murakkablashtirmoqda. Natijada Fors koʻrfazidan chiqish yoʻli va Qizil dengiz yoʻlagi oʻzaro bogʻlangan yagona energetik xavfsizlik muammosiga aylanyapti.
Saudiya Arabistoni va husiylarning mudofaa byudjeti hamda harbiy imkoniyatlari: qisqacha qiyosiy tahlil
1. Moliyaviy baza
Saudiya Arabistoni
Saudiya Arabistoni harbiy xarajatlar hajmi boʻyicha dunyodagi eng yirik davlatlardan biri boʻlib qolmoqda. Rasmiy statistika va SIPRI maʼlumotlariga tayangan holda Financial Times keltirgan raqamlarga koʻra, 2026 yilning birinchi choragida qirollik harbiy xarajatlarini 26 foizga oshirib, ularni 64,7 milliard Saudiya riyoliga, yaʼni taxminan 17,2 milliard AQSh dollariga yetkazgan. 2025 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 51,4 milliard riyolni tashkil etgan.
2025 yil yakunlari boʻyicha esa Saudiya Arabistonining umumiy harbiy xarajatlari taxminan 83,2 milliard dollar deb baholangan. Bu Ar-Riyod ixtiyorida qurol-yarogʻ xarid qilish, armiyani saqlash, havo hujumidan mudofaa tizimlarini rivojlantirish, harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish va uzoq muddatli harbiy dasturlarni amalga oshirish uchun mustahkam moliyaviy baza mavjudligini koʻrsatadi.
Husiylar — «Ansorulloh» harakati
Husiylarda davlatlarnikiga oʻxshash ochiq va rasman eʼlon qilinadigan mudofaa byudjeti mavjud emas. Ularning harbiy tizimi klassik davlat byudjeti orqali emas, balki nazorat ostidagi hududlardagi maʼmuriy va iqtisodiy mexanizmlar, turli ichki yigʻimlar, urush iqtisodiyoti, logistika tarmoqlari hamda tashqi koʻmak orqali moliyalashtiriladi.
Shu sababli ikki tomonning byudjetlarini toʻgʻridan-toʻgʻri raqamlarda qiyoslash imkonsiz. Saudiya Arabistoni — oʻnlab milliard dollarlik mudofaa byudjetiga ega davlat, husiylar esa moliyaviy tizimi shaffof boʻlmagan, ancha kam resurslarga ega, ammo nisbatan moslashuvchan qurolli harakatdir.
2. Harbiy imkoniyatlar
Saudiya Arabistonining kuchli tomonlari
Saudiya Arabistoni toʻliq spektrdagi muntazam qurolli kuchlarga ega. Ular tarkibiga - harbiy-havo kuchlari, havo va raketa hujumidan mudofaa tizimlari, quruqlik qoʻshinlari, harbiy-dengiz kuchlari, strategik raketa kuchlari va Milliy gvardiya kiradi.
Ar-Riyodning asosiy ustunligi — texnologik salohiyat. Qirollik zamonaviy harbiy aviatsiya, koʻp bosqichli havo mudofaa tizimlari, rivojlangan harbiy infratuzilma va Gʻarb davlatlarining yuqori texnologiyali qurollaridan foydalanish imkoniyatiga ega.
Bu modernizatsiya jarayoni hozir ham davom etmoqda. 2026 yil 17 sentabrda AQSh Davlat departamenti Saudiya Arabistoniga 48 ta F-35 qiruvchi samolyotini taxminan 24,3 milliard dollarga ehtimoliy sotishni maʼqulladi. Bu hali yakuniy shartnoma emas, ammo mazkur qaror Saudiya harbiy modernizatsiyasining koʻlami va yoʻnalishini yaqqol koʻrsatadi.
Shuningdek, 2026 yil sentabrida Buyuk Britaniya Saudiya Arabistoniga harbiy samolyotlarni havoda yonilgʻi bilan taʼminlash boʻyicha cheklangan mudofaa yordami koʻrsatishga rozi boʻldi. Bu Saudiya mudofaa tizimining tashqi ittifoqchilar bilan chuqur bogʻlanganini koʻrsatadi.
Husiylarning kuchli tomonlari
Husiylarning harbiy salohiyati simmetrik kuchda emas, balki asimmetrik urush olib borish qobiliyatida namoyon boʻladi.
Ularning asosiy imkoniyatlari - zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari, ballistik va qanotli raketalar, mobil raketa uchirish platformalari, kuchlarni tezda muayyan yoʻnalishlarda jamlash qobiliyati, Yamanning murakkab togʻli relefidan samarali foydalanish hamda tarqoq va nisbatan moslashuvchan qoʻmondonlik tizimi bilan ifodalanadi.
2026 yil sentabrida husiylar Qizil dengiz sohili boʻylab tez ilgarilab, Bob al-Mandib hududiga tahdidni kuchaytirgani va shu bilan bir vaqtda Saudiya Arabistoni hududiga raketa hamda dron hujumlarini oshirganini xabar qildi. Ularning eng muhim ustunligi — quruqlikdagi harakatlar, uzoq masofali raketa zarbalari va BPLA hujumlarini bir vaqtning oʻzida qoʻllay olishidadir.
3. Asosiy farq nimada?
Agar ikki tomonning imkoniyatlari toʻgʻridan-toʻgʻri qiyoslansa, moliya, harbiy texnika, aviatsiya, havo mudofaasi, logistika va xalqaro koʻmak jihatidan Saudiya Arabistoni mutlaq ustunlikka ega. Saudiya — katta byudjet va rivojlangan harbiy infratuzilmaga ega davlat armiyasi hisoblanadi
Biroq husiylar boshqa yoʻnalishlarda ustunlikka ega.
Avvalo, urushning nisbatan past tannarxi. Husiylarning raketa va dron hujumlari Saudiya Arabistoni ularni bartaraf etish uchun sarflaydigan mablagʻlarga nisbatan arzonroq tushadi.
Ikkinchidan, moslashuvchanlik. Ular katta va qimmat muntazam harbiy mashina saqlashi shart emas.
Qolaversa, asimmetrik taʼsirni ham inobatga olish lozim. Nisbatan arzon dron yoki raketa ham neft infratuzilmasi, aeroport, dengiz yoʻllari yoki shaharlarga tahdid solib, strategik darajada katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda. Saudiya Arabistoni strategik jihatdan kuchliroq, husiylar esa taktik jihatdan xavfliroq. Saudiya Arabistoni ulkan mudofaa byudjetiga, zamonaviy harbiy texnikaga, kuchli aviatsiya va PVOga hamda tashqi ittifoqchilarga ega.
Husiylar esa Saudiya bilan resurslar hajmi boʻyicha raqobatlasha olmaydi. Ammo uzoq davom etuvchi va qimmatga tushadigan asimmetrik mojaroni majburan davom ettira oladi. Shuningdek husiylar neft infratuzilmasi, dengiz qatnovi va strategik obʼektlarga bosim oʻtkazish orqali Ar-Riyod uchun xavfsizlik narxini keskin oshiradi.
Britaniya: aniq, ammo cheklangan yordam
Yuqorida zikr etilgan qiyoslashda Saudiya Arabistoni mutlaq ustunlikka ega boʻlsada, ayni vaziyatda husiylarga qarshi tashqaridan koʻmak soʻrishga majbur boʻlmoqda. Lekin hamma ham bunday yordam berishga shoshilayotgani yoʻq. Faqatgina rasmiy Londonning yordam berish vazifasi hozircha boshqa sheriklarnikiga qaraganda aniqroq belgilab berilgan. Britaniya Yamanda hujumkor harbiy kampaniyaga qoʻshilganini eʼlon qilgani yoʻq. Uning yordami Saudiyaning mudofaa vazifalarini bajarayotgan aviatsiyasiga havoda yonilgʻi quyish bilan cheklangan. Buyuk Britaniya hukumati bundan oldin ham husiylarning Saudiya Arabistoniga zarbalarini qoralab, mintaqaviy barqarorlik, tinch aholi va xalqaro kema qatnovini himoya qilish zarurligini taʼkidlagan edi.
Demak, Londonning ishtiroki Saudiya mudofaasidagi joriy bosimning bir qismini kamaytirishi mumkin, ammo Yaman mojarosining siyosiy sabablarini bartaraf etmaydi.
Turkiya va Pokiston: yangi mintaqaviy mexanizmning sinovi
Yordamning ikkinchi halqasi Turkiya va Pokiston bilan bogʻliq. Makka qoʻshma mudofaa kelishuvi uch davlat — Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston xavfsizlik hamkorligini qonuniylashtirgan edi. 31 avgust kuni ular Saudiya Arabistonida doimiy kotibiyat tashkil etish, mudofaa sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish va jamoaviy tiyib turish qobiliyatini mustahkamlashga kelishib olishgandi.
Maʼlumotlarga koʻra, Pokiston Tehronga Saudiya tomonining husiylarga taʼsir oʻtkazish haqidagi talabini yetkazgan. Shu bilan birga, Pokiston manbalari ehtimoliy ishtirok mudofaa xarakterida boʻlishi va keng mintaqaviy urushning oldini olish ustuvorligini taʼkidlagan.
Bu Ar-Riyodning xavfsizlik sohasida faqat Gʻarbga tayanish modeliga qoʻshimcha ravishda mintaqaviy tayanch mexanizmlarini shakllantirayotganini koʻrsatadi.
AQSh: ittifoq saqlanmoqda, avtomatik aralashuv esa yoʻq
AQSh Saudiya xavfsizlik tizimida ulkan ahamiyatini saqlab qolmoqda. Biroq sentabr voqealari Vashington har qanday yangi mojaroga avtomatik ravishda harbiy kuch bilan qoʻshilmasligini koʻrsatdi.
21 sentabrda Yaman prezidenti Rashod al-Alimiy Donald Tramp bilan muloqotda husiylarga qarshi AQSh yordamini soʻragani, ammo toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy yordam boʻyicha vaʼda olmaganini xabar qildi. Agentlik Vashington avvalroq Saudiyaning husiylarga bevosita zarba berish haqidagi talablariga ham rozilik bildirmaganini qayd etdi.
Shu sabab AQSh pozitsiyasini «Saudiyadan voz kechish» deb ham, «toʻliq harbiy kafolat» deb ham atash aniq boʻlmaydi. Bu — tanlab ishtirok etish modeli: strategik va razvedka hamkorligi saqlanadi, ammo yangi yirik urushga kirish siyosiy qarorga bogʻliq.
Xitoy: harbiy emas, diplomatik resurs
Xitoyning imkoniyati boshqacharoq. 2023 yilda Pekin Saudiya Arabistoni va Eron oʻrtasida diplomatik munosabatlarni tiklashda vositachi boʻlgan edi.
2026 yil sentabrida Reuters uch eronlik manbaga tayanib, Ar-Riyod Pekindan yordam soʻragani va Xitoy keyinchalik Tehronni husiylarga oʻz taʼsiridan foydalanib keskinlikni pasaytirishga xususiy tarzda chaqirganini xabar qilgan edi.
Biroq Eron taʼsirini husiylarning har bir harbiy qarori ustidan toʻliq boshqaruv deb qabul qilish notoʻgʻri boʻladi. Tehron bunday nazorat darajasini rad etib kelmoqda. Shuning uchun Xitoy Eron uchun eskalatsiyaning iqtisodiy va diplomatik bahosini oshirishi mumkin, ammo husiylar faoliyatini bir tomonlama toʻxtatish kafolatiga ega emas.
Bu yerda Pekinning manfaati ham aniq: Yaqin Sharq energetika resurslari va dengiz savdosi Xitoy iqtisodiyoti uchun muhim. Xitoy TIV Yamandagi mojaroning Qizil dengizga yanada tarqalishini istamasligini va xalqaro dengiz yoʻllarining xavfsizligini saqlash zarurligini rasman bildirgan.
Prognoz va xulosa
Hozir shakllanayotgan geosiyosiy vaziyat Saudiyani himoya qilishda biror mamlakatning AQSh oʻrnini egallay olishini aks ettirmaydi. Aksincha, Saudiya Arabistoni xavfsizlikni diversifikatsiyalash - bir nechta tashqi va mintaqaviy sheriklar oʻrtasida taqsimlashga harakat qilmoqda. Albatta Buyuk Britaniya muayyan mudofaa yordamini beradi; Turkiya va Pokiston mintaqaviy tiyib turish tizimini kuchaytirishi mumkin; AQSh strategik imkoniyatlarni saqlab qolgan holda bevosita ishtirok chegaralarini belgilamoqda; Xitoy esa Eron bilan diplomatik va iqtisodiy kanallardan foydalana oladi. Fransiya ham Saudiya energetika infratuzilmasini «qatʼiy mudofaa yondashuvi» asosida xavfsizlashtirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirgan.
Biroq mojaroning oqibatlarini harbiy vositalar bilan kamaytirish mumkin boʻlsa-da, uning siyosiy manbasini faqat kuch bilan yoʻqotish qiyin. 2022 yilda BMT vositachiligidagi sulh urush boshlanganidan keyingi eng uzoq nisbiy tinchlik davrini taʼminlagan va transchegaraviy zoʻravonlikni sezilarli kamaytirgan edi.
Shu bois asosiy xulosa shunday: Saudiya Arabistoni oldidagi muammo bir vaqtning oʻzida harbiy, diplomatik va geoiqtisodiy xususiyatga ega. Buzgʻunchi husiylar bosimi davom etsa, Ar-Riyod xavfsizlik aloqalarini yanada diversifikatsiya qilishi va yagona tashqi kafilga qaramlikni kamaytirishi ehtimol. Ammo uzoq muddatli barqarorlik Bob al-Mandibni himoya qilish yoki havo mudofaasini kuchaytirishning oʻzi bilan taʼminlanmaydi. Buning uchun Yamanning ichki siyosiy jarayonini qayta tiklash, husiylarni Eronning yordamidan mosuvo qilish va Saudiya Arabistoni, Eron hamda boshqa mintaqaviy kuchlar oʻrtasida deeskalatsiya mexanizmlarini ishlatish zarur. Aks holda har qanday harbiy tanaffus yangi qarama-qarshilik sikli oldidan qisqa muddatli sukut boʻlib qolishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov
