Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boʻlimi boshligʻi qoʻlga olindi
U Shoʻrchi tumanidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birining rahbaridan pora olganda ushlandi. Mansabdor MTMning 42 nafar xodimiga sanitariya sertifikatlarini berishni vaʼda qilgani maʼlum boʻldi.

Surxondaryo viloyatida tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi boshligʻi ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shoʻrchi tumani boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda Shoʻrchi tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi boshligʻi E.E. tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birining rahbari S.X.ga MTMning 42 nafar xodimiga sanitariya sertifikatlarini berishini vaʼda qilib, 2,1 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahrida fuqaroning omonatdagi 300 000 AQSh dollarini talon-toroj qilgan bank masʼullari fosh etilgandi.
