Qirgʻizistonda bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash koʻrib chiqilmoqda
Mamlakatda hozir oʻquvchilarga dars jarayonlari paytida mobil qurilmalardan erkin foydalanish taqiqlangan. Avvalroq voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash Yevropa ittifoqi miqyosida ham koʻrib chiqilgandi.

Qirgʻiziston Taʼlim vazirligi bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashni koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Taʼlim vaziri Dogdurkul Kendirbayeva "Akirpress" nashriga bergan izohida maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, vazirlik bolalarning raqamli platformalardan foydalanishini nazorat qilishni kuchaytirish zarur deb hisoblaydi. Vazirning taʼkidlashicha, bolalar kattalar nazoratisiz ijtimoiy tarmoqlarda koʻp vaqt sarflashlari va ota-onalar va oʻqituvchilar tomonidan har doim ham nazorat qilinmaydigan maʼlumotlarga kirishlari mumkin.
“Biz bu qadamni qoʻyishimiz kerak, chunki bolalar ijtimoiy tarmoqlarda nazoratsiz boʻlishadi va biz ular qanday maʼlumotlarga kirishayotganini bilmaymiz”, dedi Kendirbayeva.
Vazir shuningdek, maktablarda telefondan foydalanishga qoʻyilgan amaldagi cheklovlarni eslatdi. Qarorga koʻra, oʻquvchilarga dars-jarayonlari paytida mobil qurilmalardan erkin foydalanish taqiqlangan. Istisno telefon oʻquv jarayoni uchun zarur boʻlgan va oʻqituvchi nazorati ostida ishlatiladigan holatlar uchun ham mavjud.
Kendirbayevaning taʼkidlashicha, kichik yoshdagi oʻquvchilar maktabda taxminan uch soat vaqt oʻtkazadilar, qolgan vaqtlarida esa taʼlim muassasasidan tashqarida, jumladan, ota-onalari bilan birga boʻladilar. Shuning uchun, uning fikricha, bolalarning raqamli xavfsizligi masalasi nafaqat maktablarning, balki oilalarning ham ishtirokini talab qiladi. Biroq, bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar kiritish boʻyicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqida 13 yoshga toʻlmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi muhokama etilgandi. 15 yoshgacha boʻlganlarga esa shaxsiy akkaunt ochishga ruxsat berilmaydi. Cheklovlar ijtimoiy tarmoqlar, onlayn oʻyinlar, AI chatbotlari va video almashish platformalariga nisbatan qoʻllaniladi.
