platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonlik biofarmatsevtika mutaxassislari Xitoyda malaka oshirdi

 Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti Pekindagi xalqaro dasturida malaka oshirdi. Oʻquv mashgʻulotlarida geriatriya — keksa yoshdagi insonlar salomatligi va ularga tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq mavzular ham qamrab olindi. 

Oʻzbekistonlik biofarmatsevtika mutaxassislari Xitoyda malaka oshirdi

Oʻzbekistonlik biofarmatsevtika mutaxassislari Xitoyda malaka oshirdi.

Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi huzuridagi Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti (MBFITI) mutaxassislari 1–21 sentabr kunlari Xitoyning Pekin shahrida oʻtkazilgan "Keng tarqalgan kasalliklarni davolashda anʼanaviy Xitoy tibbiyotini (TCM) standartlashtirilgan qoʻllash va mos texnologiyalar boʻyicha oʻquv kursi" xalqaro dasturida malaka oshirdi.

Dastur davomida ishtirokchilar anʼanaviy Xitoy tibbiyotidagi yondashuvlar, ularni qoʻllash tartiblari hamda rivojlanayotgan mamlakatlar uchun mos texnologiyalar bilan tanishdi.

Oʻzbekistonlik biofarmatsevtika mutaxassislari Xitoyda malaka oshirdi

Mashgʻulotlarda nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Seminarning dastlabki qismida tashkilotchi kompaniyaning tashkil topishi va rivojlanish tarixi, asosiy faoliyat yoʻnalishlari hamda tarkibiy boʻlimlari haqida taqdimot oʻtkazildi. Shuningdek, kompaniyaning anʼanaviy Xitoy tibbiyoti yoʻnalishidagi ilmiy-amaliy ishlanmalari va mavjud imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Oʻquv mashgʻulotlarida geriatriya — keksa yoshdagi insonlar salomatligi va ularga tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq mavzular ham qamrab olindi.

MBFITI mutaxassislari anʼanaviy Xitoy tibbiyotida qoʻllaniladigan kupping, yaʼni banka qoʻyish, hamda moksibusiya kabi usullarga oid yondashuvlarni oʻrgandi.

Xususan, maʼruzachi Li Yan tomonidan oʻtkazilgan "Xitoy tibbiyotida bambukli banka terapiyasining klinik qoʻllanilishi" mavzusidagi mashgʻulotda mazkur usulning oʻziga xos jihatlari, qoʻllash texnikasi va klinik amaliyotdagi oʻrni haqida maʼlumot taqdim etildi. Ishtirokchilar mavzuga oid nazariy tushunchalarini kengaytirib, amaliy texnikalar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida institut vakillari Xyamen shahridagi Anʼanaviy Xitoy tibbiyoti muzeyida ham boʻldi. Muzey ekspozitsiyalari orqali Xitoy tabobatining shakllanishi, asrlar davomida bosib oʻtgan rivojlanish yoʻli hamda zamonaviy tibbiyot amaliyotidagi oʻrni haqida maʼlumot olindi.

Dorivor oʻsimliklardan foydalanish tajribasi, qadimiy tibbiy manbalar, anʼanaviy davolash usullari va tarixiy eksponatlar mutaxassislarga ushbu yoʻnalishning tarixiy-madaniy merosini kengroq anglash imkonini berdi. Tanishuv davomida anʼanaviy bilimlarni ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

MBFITI yoshlari safar davomida ilmiy mashgʻulotlar bilan bir qatorda, vatandoshlarni birlashtirgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ham qatnashdi. Pekinda Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan tadbir doirasida "Zakovat" intellektual oʻyini oʻtkazildi.

Olti jamoa bellashgan bahslarda institutning yosh mutaxassislari "Vatandoshlar" jamoasi safida ishtirok etdi. Ular bilim, mantiqiy fikrlash, topqirlik va tezkor qaror qabul qilish talab etilgan sinovlarda oʻz salohiyati hamda jamoaviy hamjihatligini namoyon qildi

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid