Namanganda bogʻcha ombor mudiri 5 yoshli qizchani zoʻrladi
Bolaga qarshi sodir etilgan mazkur jinsiy zoʻravonlik holati yuzasidan Uchqoʻrgʻon tumani IIB Tergov boʻlinmasi tomonidan 12 sentabr kuni ish ochilgan va gumonlanuvchi shu kunning oʻzida protsessual tartibda ushlanib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Namangan viloyatidagi davlat bogʻchasida ishlovchi ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zoʻrlagani maʼlum boʻldi. Bu haqda “Daryo” nashri oʻz manbasiga tayanib xabar qildi.
Holatni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati va Bolalar ombudsmani vakili ham tasdiqlagan.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, bolaga qarshi sodir etilgan mazkur jinsiy zoʻravonlik holati yuzasidan Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani IIB Tergov boʻlinmasi tomonidan 12 sentabr kuni ish ochilgan.
“Shu kunning oʻzida gumonlanuvchi K.M. protsessual tartibda darhol ushlangan boʻlib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi Bolalar ombudsmani axborotida.
Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-moddasi 1-qismi (oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
