platina.uz
Jamiyat

290 jabrlanuvchi va qogʻozda qolgan “Eco dream”— shov-shuvli “Glamour Gold” ishi yakunlandi

Odamlardan 97 mlrd soʻm olib, kvartiralarni topshira olmagan “Glamour Gold” qurilish kompaniyasi mansabdorlariga sud hukmi oʻqildi. Ishda asosiy figurant boʻlgan kompaniya direktori Dmitiriy Kan qariyib 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun “Eco dream” TJM binosi hamda sudlanuvchilarga tegishli noturar binolar, avtomobillar sotuvga chiqariladigan boʻldi.

290 jabrlanuvchi va qogʻozda qolgan “Eco dream”— shov-shuvli “Glamour Gold” ishi yakunlandi

21 sentabr kuni JIB Yunusobod tuman sudida “Glamour Gold” qurilish kompaniyasi mansabdorlariga hukm oʻqildi. Platina.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Ish tafsiloti

“Glamour Gold” kompaniyasi 2020 yilda Toshkentning Yunusobod tumanida “Eco dream” TJM loyihasini boshlagan. Unga 300 ga yaqin odam turli miqdorda toʻlov qilgan. Shartnomalarda xonadonlar 2022-2023 yillarda topshirilishi belgilangan. Ammo turli vajlar bilan vaʼdalar bajarilmagan.

Odamlarning shikoyatlaridan soʻng, kompaniya mansabdorlariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 2026-yil 29 aprel kuni Toshkent shahri prokurori Anvar Oʻrmonov va ichki ishlar vaziri oʻrinbosari jabrlanuvchilar bilan uchrashib, tergov haqida maʼlumot bergan.

“Yolgʻonchiligi uchun, sizlarni aldaganligi uchun ham bu isbotlandi va qamoqda oʻtiribdi. Agar moddiy zarar 97 mlrd boʻlsa, undan tashqari sizlarga qurib berilgan yana 300 ta kvartirasi ham zapasda turibdi. Bizlar oxiriga yetkazib beramiz, hurmatli fuqarolar. Sizlar, bugungi holatda sizlarning har biringizning haqqingiz bor jinoyat ishi bilan tanishib chiqishga”, — degan Ramazon Ashrapov.

Bundan tashqari, “Eco dream” qurilish loyihasi firibgarlik sxemasi boʻlgani, odamlar kompaniya hisobiga 97 mlrd soʻm kirim qilgani aniqlangan. Shundan keyin, sudning ajrimi bilan “Glamour Gold” kompaniyasi direktori Dmitiriy Kanga tegishli 65 mlrd 582 mln soʻmlik koʻchmas mulklar va transport vositalari va boshqalar xatlanib, ularga taqiq qoʻyilgan.

Bular:

- Yunusobod tumanidagi sobiq “Opera” tungi klubi (15,3 mlrd soʻm);

- Mirzo Ulugʻbek tumanidagi sobiq “Shambala” tungi klubi (28,5 mlrd soʻm);

- Sergeli tumanidagi sobiq “Utopiya” tungi klubi (21,3 mlrd soʻm);

- umumiy qiymati qariyb 300 mln soʻmlik transport vositalari boʻlgan.

290 jabrlanuvchi va qogʻozda qolgan “Eco dream”— shov-shuvli “Glamour Gold” ishi yakunlandi

Sud

“Glamour Gold” ishi JIB Yunusobod tuman sudida koʻrib chiqildi. Unda kompaniya rahbari Dmitiriy Kan bilan birga 9 nafar mansabdor sudlandi.

Sud hukmiga koʻra, Kan Yunusobod tumanida joylashgan “Builders Union Ata" hamda Qibraydagi “JK Eco dream" MChJlarda norasmiy rahbar sifatida ishlab qurilish huquqini bermaydigan loyiha-smeta hujjatlarini asos qilib xaridorlarni aldab kelgan.

Maʼlum boʻlishicha, Kan va uning sheriklari 2020 va 2022 yilda qurilish materiallari sotib olish hamda boshqa xarajatlar uchun bankdan jami 32 mlrd soʻmga yaqin kredit olgan. Bundan tashqari, ular 2020 yil sentabridan 2024 yilning oktabriga qadar odamlardan 97 mlrd soʻm yigʻgan. Mablagʻlarning bir qismi boshqa maqsadlarga sarflab yuborilgan. 47 mrld 585 mlni esa olingan kreditni soʻndirishga yoʻnaltirilgan. Shu tariqa, kvartiralar foydalanishga topshirilmagan. Oqibatda, 290 nafar fuqaro na uyli, na pulli boʻlgan.

Jazo

JIB Yunusobod tuman sudining 2026 yil 21 sentabrdagi hukmi bilan Dmitriy Kan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi(firibgarlik), 19211-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish) 228-moddasi(Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan aybdor deb topilib qariyib 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Jazoni umumiy rejimli koloniyada oʻtalishi belgilandi.

Dmitiriy Kan sudda oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni tan olmadi. Olingan kreditlarning maʼlum qismini boshqa bir sudlanuvchi A.G. oʻzlashtirganini aytdi.

Qolgan sudlanuvchilar S.A., H.A., K.S. larning har biriga 9 yil 6 oy, V.P.ga 5 yil 1 oy, E.S. ga 5 yil 6 oy(farzandi 3 yoshga toʻlgunga qadar hukm ijrosi 2029 yil 3 fevralga kechiktirildi), A.G.ga 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi D.S. esa JK 168-moddasi 3-qismi “a, b” bandlari bilan aybdor deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari, yaʼni 73 500 000 soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi A.K. esa 4 yil 6 oyga yaqin muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Sudlanuvchilardan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplanadigan boʻldi. Bunda sudlanuvchilarga tegishli noturar binolar, mashinalar hamda Yunusobod tumanida qurib bitkazilishi oxiriga yetmagan “Eco dream” TJM binosi sotuvga chiqarilib zararni qoplashga yoʻnaltiriladi.

Shahzod Oʻroqboyev tayyorladi

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid