Toshkentda yetarlicha isitilmagan koʻp qavatli uylar tekshiriladi
Energiya auditi doirasida binolarning amaldagi texnik va energetik holati, issiqlik yoʻqotish manbalari, tashqi devorlar, tom va yertoʻla qismlari, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari, shuningdek, issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligi oʻrganiladi.

Toshkent shahrida koʻp kvartirali uyda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida energiya auditi oʻtkazish boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
29 iyul kuni Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yoʻqotishlarini kamaytirish hamda aholini barqaror va sifatli issiqlik energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha Jahon banki bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlangan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari O.Muminov boshchiligida oʻtkazilgan manzilli oʻrganishlar natijasida oʻtgan issiqlik mavsumida belgilangan meʼyoriy talablar darajasida isitilmagan koʻp kvartirali uylar tanlab olindi.
21 sentabrdan boshlab mazkur uylarda Jahon banki mutaxassislari koʻmagida kompleks energiya auditi oʻtkaziladi. Energiya auditi doirasida binolarning amaldagi texnik va energetik holati, issiqlik yoʻqotish manbalari, tashqi devorlar, tom va yertoʻla qismlari, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari, shuningdek, issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligi oʻrganiladi.
Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislar tomonidan zarur instrumental oʻlchovlar amalga oshirilib, har bir uyda issiqlik yoʻqotishlariga sabab boʻlayotgan asosiy omillar aniqlanadi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli texnik yechimlar ishlab chiqiladi.
Qayd etilishicha, energiya auditi natijalari asosida Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarni samarali isitish metodologiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mazkur metodologiyada binolarning texnik holati va energiya samaradorligi, issiqlik yoʻqotish darajasi hamda boshqa texnik koʻrsatkichlarni hisobga olgan holda koʻp kvartirali uylarni samarali isitish boʻyicha yagona yondashuvlar belgilanadi.
“Ishlab chiqiladigan metodologiya Toshkent shahridagi koʻp kvartirali uylarni energiya samaradorligi nuqtayi nazaridan baholash, modernizatsiya qilinishi lozim boʻlgan koʻp kvartirali uylarni aniqlash, ularda issiqlik yoʻqotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilashga asos boʻlib xizmat qiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Maʼlumot uchun: energiya auditi — foydalanilgan yonilgʻi-energetika resurslari va energiya samaradorligi koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarni toʻplashga, ularga ishlov berishga hamda ularni tahlil qilishga, shuningdek, xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyat.
