platina.uz
Jamiyat

Sertifikat imtihonlariga hududiy cheklov qoʻyiladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda sertifikat imtihonlariga hududlar kesimida limit joriy etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bilimni baholash agentligiga koʻra, 2026 yilning ikkinchi yarmi uchun hududlar kesimida 496 303 ta oʻtirish oʻrni belgilangan. “Hududlar kesimida oʻtirish oʻrinlarini belgilash - talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklash maqsadini koʻzlamaydi”- deydi agentlik.  

Sertifikat imtihonlariga hududiy cheklov qoʻyiladimi?

Sertifikat imtihonlari uchun roʻyxatdan oʻtishda belgilangan limitlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Bilimni baholash agentligining qayd etishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi 411-son qarori bilan “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Shunga binoan, test sinovlarini oʻtkazish joyi, hududlar kesimida oʻtirish oʻrinlari soni hisoblangan.

Unga koʻra, 2026 yilning sentabriga 125 753 ta, oktabrga 129 535 ta, noyabrga 112 335 ta hamda dekabr oyiga 128 680 ta oʻrin mavjud. Bu jami 496 ming 303 nafar talabgor sertifikat imtihonlarida qatnasha oladi degani. Munosabatda oʻtirish oʻrinlari sonining hududlar boʻyicha taqsimoti ochiqlanmagan.

“Hududlar kesimida oʻtirish oʻrinlarini belgilash - talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklash, toʻlovlarni kamaytirish yoki yuqori natija koʻrsatishi mumkin boʻlgan talabgorlar sonini sunʼiy ravishda qisqartirish maqsadini koʻzlamaydi.

Mazkur tartibning maqsadi - mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslaridan oqilona foydalangan holda imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etish, hududlar boʻyicha yuklamani maqbul taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatlarda eʼlon qilishni taʼminlashdan iboratdir”- deyiladi axborotda.

Shuningdek, munosabatda milliy sertifikat imtihonlarini oʻtkazish davriyligi oshirilishi qayd etilgan. Xususan, 2026 yil sentabr-dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan 2 martadan, huquqshunoslik fanidan 1 marta, jami 15 ta imtihon oʻtkazilishi rejalashtirilgan. 2025 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 11 ta boʻlgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid