platina.uz
Jamiyat

Qashqadaryoda farzandini 45 ming dollar sotmoqchi boʻlgan er-xotin qoʻlga olindi

Tomonlar 14 yoshli bola uchun dastlab 30 ming dollar, oradan 15 kun oʻtgach, yana 200 mln soʻm berishga kelishgan. Soʻngra ular ichki ishlar boʻlimi tezkor guruhi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushlandi. 

Qashqadaryoda farzandini 45 ming dollar sotmoqchi boʻlgan er-xotin qoʻlga olindi

Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan farzandini 45 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan er-xotin 3 yilga qamaldi.

Maʼlum boʻlishicha, 1988 yilda tugʻilgan T.E.ning avvalgi turmushidan 2011 yilda tugʻilgan oʻgʻil farzandi boʻlgan. U keyinchalik 2019 yilda M.E. bilan oila qurib, yana bir farzandli boʻlgan.

Sud majlisida oila bunga majburlikdan qoʻl urganini aytgan.

“Pul topishning har qanday yoʻlini izladik. Oxiri er-xotin maslahatlashib katta oʻgʻlimizni sotib, qarzlardan qutulishga kelishdik. Keyin bu haqda tanishimga aytdim”, deydi T.E. oʻz koʻrsatmasida.

Shundan soʻng sudlanuvchining tanishi orqali Surxondaryo viloyati Angor tumanida bolani olishga rozi boʻlgan xaridor topilgan. 2025 yil 8 avgust kuni er-xotin farzandlari bilan Angor tumaniga borgan. Tomonlar 14 yoshli bola uchun dastlab 30 ming dollar, oradan 15 kun oʻtgach, yana 200 mln soʻm berishga kelishgan. Xaridor oʻsha yerning oʻzida pulni bergan. M.E. pulni sanaganida bir oz kam chiqqan. Ayol kam chiqqan pulning oʻsha qismini turmush oʻrtogʻi yuborishini aytgan.

Shu payt xonaga 5-6 nafar ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelgan. Angor tuman ichki ishlar boʻlimi tezkor guruhi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida M.E. va T.E.lar oʻzlarining voyaga yetmagan farzandi uchun kimyoviy ishlov berilgan pullarni olgan vaqtida ushlangan.

Sudda M.E. aybiga iqrorlik bildirib, u farzandini sotish fikri turmush oʻrtogʻidan chiqqanini, bu qarorga esa oilaviy qiyinchilik va qarzlar sabab boʻlganini aytgan. T.E. ham erining fikrlarini tasdiqlagan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudi ota-onani Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi (odam savdosi ) bilan aybdor deb topgan. Ularga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllanib, har biriga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid