platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston boʻylab bir kunda 39 tonnaga yaqin chiqindi tozalandi

Respublika boʻylab “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi tashkil etildi. Birgina Chimyon mahalla hududidan jami 822 kg chiqindi yigʻildi.

Oʻzbekiston boʻylab bir kunda 39 tonnaga yaqin chiqindi tozalandi

19 sentabr “World cleanup day” — “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan respublika boʻylab “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi tashkil etildi.

Maʼlumot oʻrnida: Mazkur ekotadbir 2018 yildan beri sayyoramizni ommaviy tarzda chiqindilardan tozalash maqsadida oʻtkazilib kelinadi. Unda 211 ta davlatdan shu paytga qadar 114 mln kishi ishtirok etgan. Har yili dunyo boʻylab keng nishonlaniladigan ushbu eko sanada Oʻzbekistonda ham butun respublika boʻyicha soha xodimlari, ekofaollar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida plogging aksiyalari oʻtkazib kelinmoqda. Bu eko-tadbirlar orqali aholi gavjum hududlarni chiqindilardan tozalash anʼanaga aylangan.

Aksiya Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Foton”, “UzXCMG”, “AUTO SPEC TECH” korxonalari, UNDP xalqaro tashkiloti, “Uztelecom” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, viloyat hokimliklari, IIV, Sogʻliqni saqlash hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Toshkent viloyati “Toza hudud” DUK hamkorligida oʻtkazildi.

Toshkent viloyati Bostonliq tumani “Chimyon” MFY hududida oʻtkazilgan eko-tadbirda Agentlik masʼullari, tizim tashkilotlari va sanitar tozalash korxonalari xodimlari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etishdi.

“Butunjahon tozalik kuni” tadbirlarida respublika boʻyicha 5 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, ular tomonidan jami 39 tonnaga yaqin chiqindi hududlardan olib chiqildi. Toʻplangan chiqindilar 45 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar orqali belgilangan tartibda bartaraf etildi.

Tadbirni Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori oʻrinbosari Shuhrat Haydar ochib berar ekan: “Bugun tashkil etayotgan ushbu tozalik ekoaksiyamiz shunchaki bir kunlik tadbir boʻlib qolmasdan, atrof-muhitga eʼtibor va ozodaliqqa boʻlgan masʼuliyat har birimizning kundalik hayot tarzimizga aylanishini istardim. Tabiatga gʻamxoʻrlik qilishni odatga aylantirish — mening eng katta orzularimdan biridir”, deya taʼkidladi.

Ekoaksiyada Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Lola Rahmanbayeva ham oʻz fikrlarini bildirdi.

“Asosiy maqsadimiz keng jamoatchilikning chiqindilarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish va bu orqali chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirish. Aslida, faqat “Butunjahon tozalik kuni”da emas, har kuni atrof-muhitni toza saqlashimiz lozim”, - dedi Lola Rahmanbayeva.

Shuningdek, Shuhrat Haydar BMTning “World cleanup day” global tarmogʻiga ulanib, jonli efir orqali Oʻzbekiston xalqaro eko-aksiyada doimiy ishtirok etib kelayotganini va bu yil ham aksiya keng koʻlamda tashkil qilinganini taʼkidladi.

Aksiya davomida ishtirokchilar mutasaddi rahbarlar boshchiligida belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi. Jamoaviy tarzda 9 guruhga boʻlingan holda oʻzaro tozalik uchun bellashib, eng faollar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Yakuniy natijalarga koʻra:

1-oʻrin — Poligon direksiyasi jamoasi — 279 kg;

2-oʻrin — Agrar universitet jamoasi — 220 kg;

3-oʻrin — 172-son maktab jamoasi — 95 kg.

Plogging davomida Chimyon mahalla hududidan jami 822 kg chiqindi yigʻildi. Bundan tashqari, yosh eko-faol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi. Tadbir yakunida gʻolib va sovrindor jamoalar, faol ishtirokchi hamda hamkor tashkilotlar munosib taqdirlandi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston oʻtgan yili “World cleanup day-2025” xalqaro eko-aksiyasi doirasida hududlar jami 55 tonna chiqindidan tozalangan edi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid