Oʻzbek harbiylari Koreyadagi jangovar musobaqada gʻalaba qozondi
2023 yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan mazkur musobaqaning bu yilgi bosqichida dastlab ishtirokchilar togʻli, oʻrmonli, shahar hududlarida jang olib borish shartlarini bajardi. Soʻngra bir vaqtning oʻzida har uchchala hudud sharoitida jang olib borish bosqichida kuch sinashdi.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Koreya Respublikasida oʻtkazilgan Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik musobaqasida munosib ishtirok etib, gʻalabalar bilan yurtimizga qaytdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu nufuzli musobaqada AQSh, Ozarbayjon, Avstraliya, Polsha kabi jami 7 ta mamlakatning 12 ta jamoasidan 500 nafarga yaqin ishtirokchi oʻzaro kuch sinashdi. Bu jarayonlarni Turkiya, Meksika, Filippin, Malayziya singari 8 ta davlat harbiylari kuzatib bordi.
2023 yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan mazkur musobaqaning bu yilgi bosqichida dastlab ishtirokchilar togʻli, oʻrmonli, shahar hududlarida jang olib borish shartlarini bajardi. Soʻngra bir vaqtning oʻzida har uchchala hudud sharoitida jang olib borish bosqichida kuch sinashdi.
.jpg)
Har qanday mutaxassisdan katta tajriba va mahorat talab etadigan shartlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun qiyinchilik tugʻdirmadi. Ular turli yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etdi. Xususan, harbiylarimiz togʻli hududda mudofaada turgan shartli dushman kuchlarini talafotlarsiz toʻliq yakson qilib, 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Shu kүnga qadar hech bir jamoa bunday natijani qayd etmagan.
Shahar sharoitida jang olib borish shartida ham mudofaalanayotgan shartli dushmanga hujum uyushtirib, barcha obʼektlarni va 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Bu muvaffaqiyat ham avval hech bir jamoa tomonidan erishilmagan.

Shuningdek, shahar sharoitida jang olib borish sharoitida mudofaa obʼektlarini ushlab turish boʻyicha hech bir jangchini yoʻqotmagan holda jamoamiz 7 ta obʼekt va barcha bayroqlarni qoʻlga kiritib, rekordni yangiladi.
Umumiy hisobda 316 ball bilan Oʻzbekiston faxrli 1-, 212 ball bilan Kambodja 2- va 192 ball bilan mezbon Koreya jamoasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Harbiylarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tantanali kutib olindi.
