platina.uz
Jamiyat

Jarima QR-kodidan suv hisoblagich guvohnomasi chiqdi: rasmiy izoh

Fuqaro yuqori tezlikda harakatlangani uchun qayd etilgan maʼmuriy jarimaning QR-kodi skaner qilinganda suv hisoblagichiga tegishli qiyoslash guvohnomasi ochilgan.

Jarima QR-kodidan suv hisoblagich guvohnomasi chiqdi: rasmiy izoh

Ijtimoiy tarmoqlarda tezlikni oʻlchash vositasining qiyoslash guvohnomasini tekshirish uchun berilgan QR-kod orqali suv hisoblagichiga tegishli guvohnoma ochilgani aks etgan video tarqaldi. Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti vaziyatga izoh berdi.

Videoda fuqaro soatiga 70 kilometr tezlik belgilangan hududda 83 kilometr tezlikda harakatlangani qayd etilgan maʼmuriy jarima toʻgʻrisidagi qaror koʻrsatiladi. Qarorga ilova qilingan tezlikni oʻlchash vositasining qiyoslash guvohnomasini koʻrish uchun QR-kod joylashtirilgan.

Video muallifi ushbu QR-kodni skaner qilganda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan berilgan, suv hisoblagichiga tegishli qiyoslash guvohnomasi ochilganini koʻrsatgan.

Metrologiya instituti holatni oʻrganib, bunga axborot tizimidagi texnik nomuvofiqlik sabab boʻlganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, 2024 yil 5 iyundagi 1076587-2024-sonli qiyoslash guvohnomasi zavod raqami 221110881 boʻlgan SPW-4 B 15-50 turdagi suv hisoblagichiga rasmiylashtirilgan.

2025 yil 16 noyabrdagi 1471711-2025-sonli qiyoslash guvohnomasi esa zavod raqami 2211108 boʻlgan SKAT-PP turdagi harakat tezligini oʻlchash vositasiga rasmiylashtirilgan.

Institutga koʻra, ikki qurilmaning zavod raqamlari oʻxshash boʻlgani sabab masʼul idora bilan integratsiya qilingan axborot tizimida zavod raqami boʻyicha qidiruv amalga oshirilganda maʼlumotlarni aks ettirishda texnik nomuvofiqlik yuzaga kelgan.

Yaʼni qidiruv faqat zavod raqami asosida amalga oshirilganda, raqamlardagi oʻxshashlik tufayli boshqa turdagi oʻlchash vositasiga tegishli qiyoslash guvohnomasi maʼlumotlari ham aks etishi mumkin.

Institut Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 sentabrdagi 516-son qaroriga muvofiq, tegishli maʼlumotlar “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasiga joylashtirilganini maʼlum qildi. Tegishli tashkilotlarga ushbu maʼlumotlardan elektron shaklda foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun qiyoslash guvohnomasini aniq identifikatsiya qilishda zavod raqami bilan birga oʻlchash vositasining modeli, turi, ishlab chiqaruvchisi, qiyoslash guvohnomasi raqami va qoʻllanish sohasi kabi maʼlumotlarni ham hisobga olish mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid