platina.uz
Jamiyat

2030 yilgacha davlat xizmatlarining 95 foizi onlayn shaklga oʻtishi kutilmoqda

Jamoatchilik va fuqarolarning davlat xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflari ragʻbatlantiriladi. Qayd etilishicha, muayyan muammo yoki taklifni bildirgan fuqaroga 2 million soʻmgacha mukofot berilishi mumkin. 

2030 yilgacha davlat xizmatlarining 95 foizi onlayn shaklga oʻtishi kutilmoqda

2030 yilgacha davlat xizmatlarining 95 foizini onlayn shaklga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

​Oʻzbekistonda davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqarolardan bir xil hujjatlarni takroran talab qilish amaliyotidan voz kechish, davlat idoralari funksiyalarini aniq ajratish va byurokratik jarayonlarni qisqartirish rejalashtirilmoqda. 2030 yilgacha davlat xizmatlarining 95 foizini onlayn shaklga oʻtkazish maqsad qilingan. Bu haqda “Byurokratiyasiz Oʻzbekiston” jamoatchilik tashabbusining boshlanishiga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

​Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzuridagi Loyiha ofisi rahbari Aziza Umarovaning Platina.uz’ga maʼlum qilishicha, davlat xizmatlarini koʻrsatishda asosiy muammolardan biri — fuqarolardan turli idoralar tomonidan bir xil hujjatlarning qayta-qayta talab qilinishidir.

​Bunda fuqaro bir idoraga taqdim etgan hujjatini boshqa davlat tashkilotiga yana olib borishga majbur boʻladi. Bu esa ortiqcha vaqt va mablagʻ sarfi, shuningdek, byurokratik ovoragarchilikni keltirib chiqaradi.

​Taklif qilinayotgan tizimga koʻra, agar zarur hujjat davlat tizimida allaqachon mavjud boʻlsa, uni fuqaroning oʻzidan qayta talab qilish oʻrniga davlat idoralari oʻzaro elektron maʼlumot almashishi kerak.

​Brifingda yana bir muhim masala — davlat organlari oʻrtasidagi funksional takrorlanishlarga eʼtibor qaratildi.

​Taʼkidlanishicha, bir xil yoki oʻxshash funksiyalar bir nechta davlat idorasiga yuklatilgan holatlarda byurokratik jarayonlarni qisqartirish qiyinlashadi. Chunki har bir idora oʻz vakolati doirasida alohida talab va tartiblarni shakllantirishi mumkin.

​Aziza Umarova shu sababli davlat xizmatlari va funksiyalarini qaysi idora amalga oshirishi aniq belgilanishi kerakligini taʼkidladi.

​Mutasaddilarga koʻra, bir funksiyaning bitta vakolatli davlat organida jamlanishi xizmat koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirish, vaqtni tejash va ortiqcha bosqichlarni qisqartirish imkonini beradi. Aksincha, bir xil vakolat bir nechta idoraga taqsimlangan boʻlsa, ulardan biri xizmat koʻrsatish tartibini soddalashtirgan taqdirda ham, boshqa idora qoʻshimcha talablarni saqlab qolishi mumkin. Shu bois davlat boshqaruvida funksiyalarni ixchamlashtirish va vakolatlarni aniq chegaralash byurokratiyani qisqartirishning asosiy tamoyillaridan biri sifatida koʻrilmoqda.

​Davlat xizmatlarini raqamlashtirish boʻyicha uzoq muddatli maqsad ham maʼlum qilindi. Unga koʻra, 2030 yilgacha davlat xizmatlarining 95 foizini onlayn shaklga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

​Bu davlat xizmatlarini olish uchun fuqarolarning idorama-idora yurishini kamaytirish, xizmat koʻrsatish vaqtini qisqartirish va jarayonlarni elektron shaklga oʻtkazishni nazarda tutadi.

​Bunday yondashuv doirasida sud hujjatlari va boshqa davlat xizmatlari bilan bogʻliq jarayonlarning ham raqamlashtirilishi kutilmoqda. Mutasaddilar bu boradagi maqsad amalga oshirilishiga umid bildirdi.

​Brifingda jamoatchilik va fuqarolarning davlat xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarini ragʻbatlantirish masalasi ham koʻtarildi. Qayd etilishicha, muayyan muammo yoki taklifni bildirgan fuqaroga 2 million soʻmgacha mukofot berilishi mumkin. Bunda bir fuqaro nechta taklif bilan chiqishi mumkinligi boʻyicha alohida cheklov yoʻq.

​“Hech qanday norma ishlab chiqmadik. Takliflarga qarab, albatta, mukofotini oladi”, — deya izoh berdi Aziza Umarova.

​Bu mexanizm orqali davlat xizmatlaridagi muammolarni bevosita fuqarolarning oʻzidan aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda.

​Agar 2030 yilgacha davlat xizmatlarining 95 foizini onlayn shaklga oʻtkazish maqsadi amalga oshirilsa, bu fuqarolarning davlat idoralari bilan munosabatlaridagi koʻplab jarayonlarni oʻzgartirishi mumkin. Biroq buning samarasi nafaqat xizmatlarning elektron shaklga oʻtkazilishiga, balki idoralar oʻrtasida maʼlumot almashinuvi, vakolatlarning aniq taqsimlanishi va ortiqcha talablarning amalda bekor qilinishiga ham bogʻliq boʻladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid