200 mingdan oshiq insonni giyohvandlik domiga tortishi mumkin boʻlgan narkotiklar aniqlandi
Bojxona xodimlari Tailanddan Oʻzbekistonga 13 kgdan ziyod narkotik moddalarning olib kirilishiga chek qoʻyishdi. Hisob-kitoblarga koʻra ushlab qolingan mazkur narkotik moddalarning qora bozordagi qiymati oxirgi isteʼmolchiga yetib borguniga qadar 1,7 million AQSh dollaridan ham oshib ketishi mumkin edi.

Bojxona xodimlari Tailanddan Oʻzbekistonga 13 kgdan ziyod narkotik moddalarning olib kirilishiga chek qoʻyishdi.
Bojxona qoʻmitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari va “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida 13 kg.dan ziyod narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.
Joriy yilning 5 sentabr kuni Tailanddan uchib kelgan 51 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazildi. Unga tegishli bagajlar koʻzdan kechirilganida, 3 ta vino shishasi hamda qadoqlangan ziravorlar oʻrami ichidagi moddalar bojxona xodimlarida shubha uygʻotdi.
Shundan soʻng mazkur moddalar Bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasida ekspertizadan oʻtkazildi. Natijada idishlar ichidagi toʻq jigarrang rangli va oʻtkir hidli modda tarkibida tetragidrokannabinol mavjud boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida muomalasi taqiqlangan narkotik vosita — “gashish moyi” ekanligi aniqlandi. Uning umumiy ogʻirligi 7 kilogramm 580 grammni tashkil qildi.
Tezkor surishtiruvlar davomida ushbu shaxs Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi “Absolyut” nomi ostida faoliyat yurituvchi "kurator" koʻrsatmasiga koʻra, 1800 AQSh dollari evaziga mazkur narkotik moddalarni mamlakatimiz hududiga olib kirib, Samarqand shahriga yetkazib berishi lozim boʻlganligi maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng tezkor tadbir Samarqand shahrida davom ettirilib, narkotik vositalarni qabul qilib olayotgan 47 yoshli fuqaro ham qoʻlga olindi. Uning yashash manzili xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, bu yerdan ham vino shishalari, idish yuvish geli qutisi va shpritslarga joylangan holda saqlangan “gashish moyi”, shuningdek, isteʼmol qilinganda sarxush holatni keltirib chiqaruvchi quritilgan qoʻziqorinlar borligi aniqlandi.
Ushbu ikki turdagi narkotik moddalarning umumiy ogʻirligi qariyb 5,5 kilogrammning tashkil qildi. Ushbu shaxs Telegram'da “Right Ktrel” akkauntidagi kuratorning topshirigʻi asosida manzil havola tarzida keyinchalik ushbu narkotik moddalarni tarqatishi lozim edi.
Shunday qilib, koʻp bosqichli tezkor tadbir natijasida jami 13 kilogramm 80 gramm “gashish moyi”ning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, ushbu miqdordagi narkotik vosita qariyb 200 ming nafar insonni giyohvandlik domiga tortishga yetarli boʻlgan. Hisob-kitoblarga koʻra ushlab qolingan mazkur narkotik moddalarning qora bozordagi qiymati oxirgi isteʼmolchiga yetib borguniga qadar 1,7 million AQSh dollaridan ham oshib ketishi mumkin edi.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
