platina.uz
Jamiyat

Toshkent shahri atmosfera havosida keskin ifloslanish kuzatildi

Uzoq davom etgan quruq ob-havo sharoitida tuproq va yoʻl yuzalaridagi changning havoga koʻtarilishi uchun qulay sharoit yuzaga kelgan, deyiladi rasmiy xabarda. Kechki va tungi vaqtda kuzatilgan harorat inversiyasi va havo almashinuvining sustligi zarrachalarning atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida toʻplanishiga sharoit yaratgan.

Toshkent shahri atmosfera havosida keskin ifloslanish kuzatildi

2026 yil 18 sentabr kuni kechki soatlarda Toshkent shahrida atmosfera havosida PM2.5 va, ayniqsa, PM10 zarrachalari miqdorining qisqa muddatli keskin ortishi kuzatildi.

Maxsus komissiya maʼlumotiga koʻra, avtomatik monitoring stansiyalari zarrachalar konsentratsiyasi 18:00 dan keyin koʻtarila boshlaganligini va 20:00 dan soʻng sezilarli kuchayganligini qayd etgan.

Ifloslanishning eng yuqori darajasi esa 21:00–23:00 oraligʻida kuzatilgan. Xususan, soat 22:00 da shahar boʻyicha PM2.5 konsentratsiyasi oʻrtacha 74,5 mkg/m³, PM10 esa 243,6 mkg/m³ ni tashkil etdi. Poytaxtning ayrim qismlarida avtomatik monitoring stansiyalari PM10 miqdori 555,3 mkg/m³ gacha yetganini koʻrsatdi. PM10 ning PM2.5 ga nisbatan sezilarli yuqori boʻlishi ushbu davrda havoda yirik chang zarrachalari ortganini koʻrsatdi.

Vaziyatni joyida oʻrganish maqsadida 19 sentabrga oʻtar kechasi Ekologik monitoring milliy markazi Oʻzgidromet mutaxassislari bilan birgalikda Mirzo Ulugʻbek tumanining uchta hududida koʻchma uskunalar yordamida atmosfera havosi sifatini oʻlchashdi. Natijada soat 02:15 da Feruza mavzesida PM2.5 – 65 mkg/m³, PM10 – 77 mkg/m³, umumiy chang – 90 mkg/m³; soat 02:25 da Kasaba koʻchasida PM2.5 – 55 mkg/m³, PM10 – 63 mkg/m³, umumiy chang – 70 mkg/m³; soat 03:01 da Parkent koʻchasida esa PM2.5 – 61 mkg/m³, PM10 – 65 mkg/m³, umumiy chang – 70 mkg/m³ miqdorida qayd etildi.

Shuningdek, joyiga chiqib oʻtkazilgan oʻlchovlarda azot dioksidi, uglerod monoksidi, ammiak, ftor vodorodi, fenol va formaldegid kabi gazsimon ifloslantiruvchi moddalar kuzatildi. Tahlil natijalariga koʻra, oʻlchangan ifloslantiruvchi moddalarning maksimal bir martalik konsentratsiyalari belgilangan meʼyorlardan oshmagan. Tahlillarga koʻra, mazkur holatga bir nechta omillar bir vaqtda taʼsir qilgan. Uzoq davom etgan quruq ob-havo sharoitida tuproq va yoʻl yuzalaridagi changning havoga koʻtarilishi uchun qulay sharoit yuzaga kelgan. Kechki va tungi vaqtda kuzatilgan harorat inversiyasi va havo almashinuvining sustligi zarrachalarning atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida toʻplanishiga sharoit yaratgan.

Shu bilan birga, CAMS modeli maʼlumotlarida Oʻzbekistonning gʻirbiy va shimoli-gʻirbiy hududlarida PM10 miqdori yuqori boʻlgan chang massalari kuzatilgan. HYSPLIT modeli asosidagi hisob-kitoblar Toshkentga turli balandliklarda shimol, shimoli-sharq, gʻirb va shimoli-gʻirb yoʻnalishlaridan havo oqimlari kirib kelganini koʻrsatdi. 23:00 dan keyin atmosfera havosidagi PM2.5 va PM10 miqdori asta-sekin pasaya boshlagan. Avtomatik monitoring maʼlumotlariga koʻra, 19 sentabr soat 04:00 ga kelib shahar boʻyicha PM2.5 va PM10 koʻrsatkichlari mos ravishda 22,4 va 61,9 mkg/m³ gacha kamaygan.

Xulosa qilib aytganda, 18 sentabr kechki va 19 sentabr tungi soatlarda Toshkent shahrida kuzatilgan holat qisqa muddatli chang epizodi xususiyatiga ega boʻlgan. Quruq ob-havo, mahalliy changning koʻtarilishi, harorat inversiyasi va sust havo almashinuvi uning shakllanishiga qulay sharoit yaratgan. 23:00 dan keyin avtomatik stansiyalarda konsentratsiyalarning pasayishi hamda 02:15–03:01 oraligʻidagi joyiga chiqib oʻtkazilgan oʻlchovlar chang epizodi asta-sekin susayib borganini koʻrsatadi.

Prognozlarga koʻra, 19 sentabr soat 21:00 dan 20 sentabr soat 04:00 gacha Toshkent shahrida havo sifati vaqtincha yomonlashib, AQI 101-150 – “sezgir guruhlar uchun zararli” darajaga yetishi mumkin. Tonggi soatlarda ifloslangan havo massasi janubi-gʻirbga siljib, soat 08:00-09:00 ga kelib havo sifati “oʻrtacha” darajaga qaytishi kutilmoqda.

Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid