platina.uz
Jamiyat

Toshkent osmonida koʻringan yorqin jism boʻyicha izoh berildi

Jismning tashqi koʻrinishi, harakatlanish xususiyatlari hamda qoldirgan izi meteor yoki bolid alomatlariga ega emas. U raketa boʻlishi mumkin. 

Toshkent osmonida koʻringan yorqin jism boʻyicha izoh berildi

19 sentabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent osmonida ortidan uzun iz qoldirgan yorqin jism aks etgan video tarqaldi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ushbu hodisa yuzasidan izoh berdi.

FA Astronomiya instituti ekspertlari foto va videomateriallarni dastlabki tahlil qilib, jismning tashqi koʻrinishi, harakatlanish xususiyatlari hamda qoldirgan izi meteor yoki bolid alomatlariga ega emasligini maʼlum qildi. Ushbu jism raketa qismiga koʻproq oʻxshaydi.

Institut katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashevning soʻzlariga koʻra, eng ehtimoliy taxmin – bu Xitoyning "Tayyuan" kosmodromidan uchirilgan Long March-2D (Chang Zheng-2D) tashuvchi raketasining ishlab boʻlingan birinchi bosqichidir. Mazkur raketa PIESAT-2 seriyasidagi toʻrtta sunʼiy yoʻldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqan edi.

"Dastlabki orbital hisob-kitoblar uchirish vaqti, raketaning orbitasi hamda Toshkent osmonida hodisa kuzatilgan vaqt va yoʻnalish oʻrtasida juda yaxshi moslik mavjudligini koʻrsatmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda eng ehtimolli tushuntirish – Toshkent osmonida kuzatilgan hodisa ushbu kosmik uchirishning raketa bosqichi yoki undan keyingi orbital jarayonlardan biri bilan bogʻliq boʻlishi mumkin", – dedi u.

Shu bilan birga, ushbu jismni aynan mazkur raketaning qismi deb qatʼiy xulosa qilishga hali ertaligi aytilgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid