"Toshshahartransxizmat"ning rasmiy munosabatidan xodimlar yana norozi
Toshkentda oylik maoshining kechikayotganidan shikoyat qilgan haydovchilar noroziligi aks etgan video tarqalgan edi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgach, tashkilot rasmiy bayonot berdi.

Kuni kecha oylik berilmayotganidan norozi boʻlgan haydovchilar yana videochiqish qildi.
Ularga koʻra, tizimda korrupsiya avj olgan va tarqalgan videolardan soʻng haydovchilarga nisbatan bosim boshlangan.
Kuni kecha Toshkentda oylik maoshining kechikayotganidan shikoyat qilgan haydovchilar noroziligi aks etgan video tarqalgan edi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgach, holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" rasmiy bayonot berib, oylik maoshlar maxsus grafik asosida toʻlab borilayotganini, eʼtirozlar oʻrganib chiqilishini bildirgandi.
Ayni paytda esa yana haydovchilarning yangi videomurojaatlari tarqalmoqda: ular bu rasmiy munosabatdan ham norozi.
Murojaatchilarning aytishicha, 18-avtobus bekatida korrupsiya avj olgan. Xususan, ayrim shaxslarga maʼlum miqdorda (450 ming soʻm atrofida) pul bersa, maosh 14–15 million soʻm boʻlib chiqishi, aks holda bu summa 8–9 million soʻmga tushirib yuborilishini aytib, norozilik bildirishgan. Qolaversa, tarqalgan videolardan soʻng, xodimlarga nisbatan bosim va tahdidlar koʻpaygani aytilmoqda.
Platina.uz holat boʻyicha Transport vazirligining matbuot kotibi Navroʻz Ashirmatov bilan bogʻlandi. Masʼulga koʻra hozirda "Toshshahartransxizmat"da xizmat tekshiruvi boshlangan. Platina.uz masalani oʻrganishda davom etadi.
