platina.uz
Jamiyat

Qoraqalpogʻistonda xususiy bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi

Ularga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi. Shuningdek, bir yilda 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Qoraqalpogʻistonda xususiy bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi

Kecha Nukus shahrining “Ashshikoʻl” hududida 50 ming aholiga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekiston” massivi – “Nukus siti” qurilishi boshlandi.

270 gektarda ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejamkor texnologiyalar asosida osmonoʻpar binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi. Investitsiya loyihalariga xorijdan salohiyatli investorlar jalb qilinadi.

Nukusdagi Mustaqillik koʻchasi tun-u kun ishlaydigan maskanga aylandi. 28 nafar tadbirkor ish boshlab, 50 nafarining faoliyati kengaygani hisobiga bir haftada savdo tushumi 2 karra oshdi.

Nur va Yelobod mahallalari Olmazorning Qichqiriq mahallasi namunasida obod qilinadi. Navroʻz bayramigacha shu yerdagi istirohat bogʻida aholini jalb qiladigan zamonaviy maskan barpo etish topshirildi.

Kegeylida 3,5 kilometr zovurni yopib, 100 ta servis obʼekti qurish boshlangan. Buning hisobiga 320 ta ish oʻrni yaratiladi.

Qolgan viloyat hokimlariga ham Navroʻzgacha oʻzlariga biriktirilgan tumanlarda bittadan mahalla va markaziy koʻchada shunday loyihalarni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Obod qilingan koʻcha va mahallalarga aholining oʻzi baho berishi, odamlar maʼqul topsa, ushbu koʻchalarga ularni obod qilgan viloyatlar nomini berish taklifi bildirildi.

Qoraqalpogʻistonda 1 million 100 ming yoshlar bor, shundan 505 mingi 14-30 yoshda. Davlatimiz rahbari bu katta kuch ekanini, yoshlarga toʻgʻri yoʻnalish berish muhimligini taʼkidladi.

Bir yilda 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Hududda xorijiy til sertifikatiga ega 98 ming, axborot texnologiyalari boʻyicha 127 ming, aniq fanlar boʻyicha sertifikat olgan 5,5 ming yosh bor. Ularning 10 mingi chet tili va axborot texnologiyalarini mukammal biladi.

Koreyadagi vatandoshimizning olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini oʻrgatib, ularni yuqori daromadli qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Yil yakunigacha shunday kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni Qoraqalpogʻistonga jalb etib, loyihalar boshlash topshirildi.

Qoraqalpogʻistonda maktabgacha taʼlim qamrovi 84 foizga yetgan. Biroq Amudaryo, Boʻzatov, Taxiatosh, Toʻrtkoʻl, Chimboy, Xoʻjayli va Ellikqalʼada bu koʻrsatkich hali ham pastligi qayd etildi.

Endi Qoraqalpogʻistonda xususiy bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi.

Qolgan viloyatlarda kredit stavkasi markazdan uzoq-yaqinligiga qarab, 7 foizdan 15 foizgacha boʻladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid