platina.uz
Jamiyat

Qoraqalpogʻistonda ekin sugʻorishda 38 foiz suv yoʻqotilmoqda

Toʻrtkoʻldagi “Yonbosh” kanalidan yiliga oʻtadigan 115 million kub metr suvning 44 millioni yoʻqotiladi. Kanal toʻliq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin. Chorvachilikda yirik komplekslar tashkil etish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Qoraqalpogʻistonda ekin sugʻorishda 38 foiz suv yoʻqotilmoqda

Qoraqalpogʻistondagi 417 ming gektar ekin yerini sugʻorishga 5 milliard 700 million kub metr suv sarflanmoqda. Yoʻqotishlar esa 38 foizni – 2 milliard 100 million kub metrni tashkil etmoqda.

Toʻrtkoʻldagi “Yonbosh” kanalidan yiliga oʻtadigan 115 million kub metr suvning 44 millioni yoʻqotiladi. Kanal toʻliq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.

Boʻzatovdagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometrini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer 3 ming gektarga koʻpayadi, 15 ming gektarda suv taʼminoti yaxshilanadi. 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq barpo etilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.

Ushbu ishlarga jami 135 milliard soʻm ajratish, ikki kanalni 1 martgacha betonlash topshirildi. Toʻrtkoʻl va Boʻzatovda kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish vazifasi belgilandi.

Suv obʼektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yil bunday grantlarni 100 million dollarga yetkazish topshirildi.

Oʻtgan yili 30 milliard soʻm hisobiga 276 ta suv nasosi energiya tejamkoriga almashtirilib, yiliga 16 million kilovatt-soat elektr tejalmoqda. 1 aprelgacha Qoraqalpogʻistondagi 59 ta, qolgan viloyatlardagi yana 200 ta nasos yangilanadi.

Qoraqalpogʻistonda 4 million 300 ming gektar yaylov yeri bor. Shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadini oshirish va chorvani koʻpaytirish uchun yetarlicha foydalanilmayapti.

“Beruniy Agrostar” Qoʻngʻirot, Beruniy va Chimboyda aylanmadan chiqqan 2 ming gektar yerni tiklab, ozuqa yetishtirishga moslashtirmoqda. Kelasi yili yana 5 ming gektar oʻzlashtiriladi. Bu 14 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasi boʻladi.

Boʻzatovda ham 7,5 ming gektar yerni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard soʻm ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming soʻm subsidiya berish boʻyicha oʻn kunda qaror kiritish topshirildi.

Misr tajribasini oʻrganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, qoraqalpogʻistonlik 26 nafar fermer ushbu davlatga yuborilgan. Dastlabki bosqichda Qoraqalpogʻistonning 20 ming gektar maydonida Misr tajribasi yoʻlga qoʻyiladi.

Choʻl hududlarida ozuqa yetishtirishni koʻpaytirish uchun Misrdan mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi. Chorvachilik uchun Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan 60 million dollar kredit va 8 million dollar grant birinchi navbatda shu loyihaga yoʻnaltiriladi.

Chorvachilikda yirik kompleksdar tashkil etish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.

May oyida chorva bosh sonini koʻpaytirishga 1 trillion 600 milliard soʻm resurs ajratilgan. Amalda 5 milliard soʻmgacha boʻlgan loyihalarga oʻn yilga 10 foizli kredit berilmoqda.

Qoraqalpogʻistonlik chorvadorlarning 1-2 ming boshli komplekslar tashkil etish uchun kredit miqdorini 50 milliard soʻmgacha oshirish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Beruniylik chorvadorlar samolyotda qoramol tashish kompensatsiyasining shartlari yengillashtirilsa, 5 ming bosh chorva olib kelishga tayyorligini bildirgan. Endi Qoraqalpogʻistonga samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million soʻmgacha subsidiya qilinadi.

Bir oyda joyi, tashabbuskori va mablagʻi aniq boʻlgan kamida 100 ming boshli chorva komplekslarining loyihalari shakllantiriladi. Qoramol xaridi uchun kredit ajratish tartibi yengillashtirilib, mablagʻlar tuman shtabi xulosasi asosida beriladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid