Prezident kelasi yil Qoraqalpogʻistonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasini qoʻydi
Oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi. Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish vazifasi qoʻyildi.

Tarmoq rahbarlariga Qoraqalpogʻistonda “xomashyo – tayyor mahsulot – eksport” zanjiri asosida loyihalar, ish oʻrinlari va qoʻshilgan qiymat boʻyicha aniq rejalar belgilash topshirildi.
Amudaryo, Beruniy, Taxtavkoʻpir, Kegeyli va Toʻrtkoʻlda toʻqimachilik hamda charm sanoatida kamida 150 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Nukus shahri, Nukus tumani va Qoraoʻzakda elektrotexnika sanoatida 200 million dollarlik, Qoraoʻzak, Boʻzatov va Beruniyda energiya tejamkor qurilish materiallari boʻyicha 100 million dollarlik loyihalar tashkil etiladi.
Nukus shahrida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish boʻyicha 120 million dollarlik, Nukus shahri, Qonlikoʻl, Kegeyli, Chimboy va Boʻzatovda farmatsevtika sohasida 50 million dollarlik loyihalar yoʻlga qoʻyiladi.
Italiyaning “Bonifika Ferrarizi” kompaniyasi bilan Taxtavkoʻpirda 50 million dollarlik loyiha boshlanmoqda. 2 ming gektarda Italiya texnologiyasi asosida pomidor va gʻalla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi hamda Yevropaga eksport qilinadi.
15 oktabrgacha har bir tuman boʻyicha “road show”lar oʻtkaziladi. Viloyat hokimlari oʻz investorlarini jalb qilib, 2-3 ming yuqori daromadli ish oʻrni yaratadigan loyihalarni boshlaydi.
Umuman, kelasi yil Qoraqalpogʻistonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasi belgilandi.
Yigʻilishda Qoraqalpogʻistonni kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qoraqalpogʻistondagi 2 ming tadbirkor uch yilda 2 trillion 145 milliard soʻm kreditniy vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylangan. “Mijozni oʻstirish” modeli asosida yana kamida 30-40 ming odamni ishli va daromadli qilish imkoniyati bor.
Hududga masʼul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foiz stavkada 300 milliard soʻmlik kredit liniyasini ochmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizlik qismini qoplab berishi hisobiga tadbirkor uchun stavka 12 foizga tushadi.
Qolgan 8 ta bankka ham bir oyda shunday qulay mahsulotlarni ishlab chiqish topshirildi.
Qoraqalpogʻistonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi.
Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi “drayver” loyihalarga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish vazifasi qoʻyildi.
Ikki yilda biznes infratuzilmasiga 370 milliard soʻm ajratilgani hisobiga 2 ming 200 ta savdo-servis obʼekti ishga tushib, 10 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 oʻrinli bogʻcha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etilgani mahallaga yangicha kayfiyat olib kirgani taʼkidlandi.
Tuman hokimlariga shu yil iqtisodiy oʻsish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha qilib, 10 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Buning uchun 100 milliard soʻm ajratilib, bir haftada moliyalashtirish ochiladi.
