Fargʻonada ovqatdan zaharlanganlar soni 57 nafarga yetdi
Ogʻir va reanimatsion bemorlar yoʻq. Holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Uchkoʻprik tumanida ovqatdan zaharlanishda gumon qilinganlar 57 nafarga yetdi. Bu haqda Oziq-ovqat xavfsizligi qoʻmitasi xabar qildi.
Avval xabar berilganidek, 2026 yil 17–18 sentabr kunlari Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar holsizlik, koʻngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Soat 20:00 holatiga 57 nafar fuqaro tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Eslatib oʻtamiz, dastlabki epidemiologik surishtiruv jarayonida murojaat qilgan fuqarolar Uchkoʻprik tumani Navroʻzshoh koʻchasida joylashgan fast-fud mahsulotlari tayyorlaydigan shoxobchalardan birida xot-dog va non-burger kabi mahsulotlarni isteʼmol qilgani aniqlangan.
Shifokorlar tomonidan bemorlarda ovqatdan zaharlanish holatiga gumon qilingan. Ogʻir va reanimatsion bemorlar yoʻq.
Holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.
