Angrenda "proba"siz ukol qilingan bemor komaga tushib qolgani aytilmoqda
Hodisa shahardagi xususiy klinikalardan birida sodir boʻlgan. Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi vaziyat nazoratga olinganini bildirdi.

Angren shahar shifoxonasida 20 yoshli Quvonchbek Murodov 45 kundan buyon komada qolmoqda.
Aytilishicha, bemor shamollash belgilari bilan shu yilning 31 iyul kuni Angren shahridagi Angren medical center xususiy klinikasiga murojaat bilan borgan hamda klinikada “proba”siz tomiriga tomchi dori yuborilishi ortidan sogʻligi yomonlashib hushini yoʻqotgan.
Ayni damda bemor Angren shahar shifoxonasida ogʻir ahvolda qolmoqda. Quvonchbekning ota-onasi Angren medical center xususiy klinikasi tomonidan yigitning davolanishiga yetarli moddiy koʻmak koʻrsatilmayotganidan norozilik bildirgan.
Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi vaziyat nazoratga olinganini bildirdi.
Holatni har tomonlama va xolis oʻrganish maqsadida boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, xizmat tekshiruvi tayinlandi. Tekshiruv jarayonida bemorga koʻrsatilgan tibbiy yordam sifati, davolash jarayoni va holatning kelib chiqish sabablari tegishli mutaxassislar ishtirokida oʻrganiladi.
Tekshiruv natijalari asosida holatga huquqiy va tibbiy jihatdan baho beriladi hamda qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi, deyiladi rasmiy xabarda.
