Yollanma qotil orqali erini oʻldirmoqchi boʻlgan ayol va uning jazmaniga hukm oʻqildi
Erkak turmush oʻrtogʻi va sudlanuvchi oʻrtasidagi ishqiy munosabatdan xabar topib, uni rashk qila boshlagan. Ayni shu sababli, ayol erini oʻldirish uchun yollanma qotil izlagan.

Namanganda yollanma qotil orqali erini oʻldirmoqchi boʻlgan 37 yoshli ayol va uning 34 yoshli jazmani jinoiy jazoga tortildi.
M.B. turmush oʻrtogʻi va sudlanuvchi X.T. oʻrtasidagi ishqiy munosabatdan xabar topib, uni rashk qila boshlagan. Ayni shu sababli, ayol M.B.ni oʻldirish uchun yollanma qotil izlagan. U bu borada fuqaro T.Q.ga murojaat qilib, evaziga 6 ming dollar berishini aytgan.
Ayolning “killer topib berish” haqidagi iltimosidan soʻng T.Q. IIBga holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi asosida 2026 yil 4 mart kuni DXX, viloyat IIB hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbirda M.B.ning oʻldirilgani sahnalashtirilgan. Soʻngra shartli yollanma qotil holatni tasvirga olib, buyurtmachilarga taqdim qilgan. Ayol va uning jazmani shartli yollanma qotilga 5 500 dollar bergan vaqtida qoʻlga olingan.
Sud N.M. va X.T.ni Jinoyat kodeksining 25,28,97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan aybli deb topdi. Ularning har biriga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllagan holda 8,5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
