Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi sabab 7 qabriston koʻchiriladi
Ushbu qabristonlarda dafnlar uzoq yillar avval toʻxtatilgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi 2026 yil 10 aprelda bu boʻyicha xulosa bergan. Unda marhumlar jasadlari tuproqqa aylangan boʻlishi ehtimoli mavjud qabriston hududlaridan belgilangan tartibda foydalanish mumkinligi aytilgan.

Toshkent viloyatida Yangi Toshkent xalqaro aeroporti quriladigan hududda joylashgan, faoliyati toʻxtatilgan 7 ta qabriston boshqa hududga koʻchiriladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining 15 sentabrdagi qarorida maʼlum qilindi.
Qarorga koʻra, koʻchiriladigan qabristonlarning ikkitasi Quyi Chirchiq, beshtasi Oʻrta Chirchiq tumanida joylashgan.
Quyi Chirchiq tumanida
“Sergeli” MFYda joylashgan “Sergeli bolalar” va “Koreys” qabristoni.
Oʻrta Chirchiq tumanida
“Yangiyoʻl” MFY hududida joylashgan “Suvon bagʻish” va “Qudoyqul” musulmon qabristonlari, “Qudoyqul” va “Sariktepa” koreys qabristonlari hamda “Boris” rus xristian qabristoni.
Ushbu qabristonlarda dafn ishlari uzoq yillar avval toʻxtatilgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi 2026 yil 10 aprelda bu boʻyicha xulosa bergan. Unga koʻra, marhumlar jasadlari tuproqqa aylangan boʻlishi ehtimoli mavjud qabriston hududlaridan belgilangan tartibda foydalanish mumkin.
Qabrlar ochilganda suyak qoldiqlari aniqlansa, ular ehtiyotkorlik bilan yigʻilib, boshqa qabristonlarga qayta dafn etiladi. Koʻchirish ishlari sanitariya-epidemiologiya, ekologik, arxitektura, diniy va jamoatchilik talablariga rioya qilgan holda olib boriladi.
Qarorda qabrlar qaysi qabristonlarga koʻchirilishi ham belgilangan:
“Sergeli bolalar” qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar “Shardara” qabristoniga,
“Koreys” qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar Sergeli mahallasidagi rus-koreys qabristoniga koʻchiriladi.
“Suvon bagʻish” va “Qudoyqul” musulmon qabristonlaridan eksgumatsiya qilingan qabrlar Yangiyoʻl mahallasidagi “Zaynab ona” qabristoniga qayta dafn etiladi.
“Qudoyqul” va “Sariktepa” koreys qabristonlari hamda “Boris” rus xristian qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar esa Taraqqiyot mahallasidagi koreys qabristoniga koʻchiriladi.
