platina.uz
Madaniyat

Toshkentda 25-29 sentabr kunlari “Turk kinosi kunlari” boʻlib oʻtadi

25 sentabr kuni oʻtkaziladigan tantanali ochilish marosimida taniqli turk aktyorlari Engin Altan Duzyatan, Oʻzge Gurel, Serkan Chayogʻlu va Deniz Barut qizil yoʻlakdan oʻtib, oʻzbekistonlik muxlislar bilan uchrashadi. 

Toshkentda 25-29 sentabr kunlari “Turk kinosi kunlari” boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Toshkentda Turkiya–Oʻzbekiston madaniyat va sanʼat uchrashuvlari doirasida “Turk kinosi kunlari” tashkil etiladi.

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Kino bosh boshqarmasi koʻmagida 25–29 sentabr kunlari Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Turk kinosi kunlari” boʻlib oʻtadi. Tadbir doirasida tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan filmlar kino ixlosmandlariga taqdim etiladi. Dasturdan turli janrlardagi turk filmlari namoyishi, ijodiy uchrashuvlar hamda taniqli kino vakillari ishtirokidagi tadbirlar oʻrin olgan.

25 sentabr kuni oʻtkaziladigan tantanali ochilish marosimida taniqli turk aktyorlari Engin Altan Duzyatan, Oʻzge Gurel, Serkan Chayogʻlu va Deniz Barut qizil yoʻlakdan oʻtib, oʻzbekistonlik muxlislar bilan uchrashadi.

Ochilish marosimida Turkiyaning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini xalqaro tomoshabinlarga tanishtiruvchi “Kökenlerin Fısıltısı” nomli mini-serial namoyish etiladi. Mazkur loyihada bosh rollarni ijro etgan taniqli aktyorlar Engin Altan Duzyatan va Ozge Gurel ham gala-kechasida tomoshabinlar bilan uchrashadi.

Shu bilan birga, TRT telekanalining “Mehmed: Fetihler Sultanı” serialida Fotih Sulton Mehmed rolini ijro etgan Serkan Chayogʻlu va “Bak Postacı Geliyor” filmida Gulizar obrazini gavdalantirgan Deniz Barut ham ishtirok etadi.

26 sentabr kungi film namoyishlari rejissyor Tunch Davutning “Kesilmiş Bir Ağaç Gibi” filmi bilan boshlanadi. Ali Ipin, Feyyaz Duman va Selen Kurtaran bosh rollarini ijro etgan mazkur film 99-Oskar mukofotining “Eng yaxshi xalqaro film” yoʻnalishi boʻyicha Turkiyaning rasmiy nomzodi etib tanlangan.

Dastur doirasida 27 sentabr kuni rejissyor Yuksel Aksuning “Bak Postacı Geliyor” filmi namoyish etiladi. Film oʻtgan asrning 1950-yillarida Egey mintaqasidagi kichik shaharchada kechadigan voqealarni hikoya qiladi va uning markazida pochtachi Osmanning Gulizarga yetishish yoʻlidagi kurashi aks etadi. Bosh rollarni Deniz Barut va Ozan Akbaba ijro etgan.

28 sentabr kuni rejissyorlar Ibrahim Buyukak va Emrah Agush tomonidan suratga olingan “Mutluyuz mu?” filmi tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi. Filmda bosh rollarni Ibrahim Buyukak va Yasemin Sakalliogʻlu ijro etgan.

Turk kinosi kunlari 29 sentabr kuni rejissyorlar Emre Karayel va Leyla Yamanning “Dedektif Reptır” animatsion filmi bilan yakunlanadi. Film sirli voqealarga oydinlik kiritishga intilayotgan Detektiv Reptir va uning jamoasi sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid