platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi Diyqan arna mahallasi faollari bilan muloqot oʻtkazdi

Hududda joriy etilgan “Smart mahalla” tizimi aholi murojaatlarini tezkor hal etish, demografik maʼlumotlarni aniq yuritish va infratuzilma holatini elektron nazorat qilish imkonini beradi. Daromad topishda asalarichilik asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. 

Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi Diyqan arna mahallasi faollari bilan muloqot oʻtkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida boʻlib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Hududda mingdan ortiq oila, jami 3 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, bandligini taʼminlash va daromadini oshirishga qaratilgan.

Joriy etilgan “Smart mahalla” tizimi aholi murojaatlarini tezkor hal etish, demografik maʼlumotlarni aniq yuritish va infratuzilma holatini elektron nazorat qilish imkonini berib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Investitsiya dasturi doirasida 4,5 milliard soʻm mablagʻ hisobidan 60 oʻrinli zamonaviy bogʻcha foydalanishga topshirildi. Mahalliy byudjetdan 1 milliard soʻm yoʻnaltirilib, futbol va vorkaut maydonchalari barpo etildi.

Aholi daromadini oshirishda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida asalarichilik asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. Hozirda mahallada 20 dan ortiq xonadonda asalari boqilmoqda. Bir xonadonda 50-100 ta asalari qutisidan yiliga 1 tonnagacha asal olinib, daromad topilmoqda.

Davlatimiz rahbari mahallada yashovchi Baxtiyar Jubayev xonadonida boʻlib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilarini tayyorlash jarayoni bilan tanishdi.

Bu yerda bir mavsumda 2 tonna qayta ishlangan asal mahsuloti sotilib, yiliga 200 million soʻm atrofida foyda olinmoqda. Ustaxonada esa yiliga 250 tadan ortiq asalari qutisi tayyorlanib, qoʻshimcha 80 million soʻmgacha daromad koʻrilmoqda.

Yil yakuniga qadar Asalarichilar uyushmasi tomonidan yana 100 ta xonadonda kooperatsiya asosida asalari boqishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu yana koʻplab oilalarni barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz shu yerda hudud faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.

Orolboʻyini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan ekani taʼkidlandi. Mahallalarda boshlangan bunday xayrli ishlar koʻlami kengaytirilib, ularni amalga oshirish surʼati yanada jadallashishi qayd etildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid