Rossiyada saylovlar boshlandi: hokimiyat xavotirlari, jamiyatdagi ziddiyatlar va urush davridagi siyosiy sinov
Bu 2022 yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli harbiy harakatlari boshlanganidan keyingi birinchi Davlat dumasi saylovidir. Shu sababli tashqi siyosat va urush saylov kampaniyasining deyarli barcha boshqa mavzulariga taʼsir qilmoqda. Agar parlamentdagi hozirgi siyosiy muvozanat deyarli saqlanib qolsa, tashqi siyosat, mudofaa xarajatlari va davlat boshqaruvidagi asosiy kurs boʻyicha keskin institutsional burilishlarni kutib boʻlmaydi.

Rossiya 2026 yil sentabrida soʻnggi yillardagi eng muhim siyosiy kampaniyalardan biriga kirdi. 18–20 sentabr kunlari mamlakatda IX chaqiriq Davlat dumasi (Rossiya parlamenti) deputatlari saylanmoqda. Shu bilan bir vaqtda sakkizta hudud rahbari toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadi, uch subʼekt rahbarini esa mahalliy parlamentlar tanlaydi, 39 hududda qonunchilik organlariga saylov oʻtkaziladi. Umuman, sentabr kampaniyasi doirasida turli darajadagi 2200 dan ortiq saylov jarayoni rejalashtirilgan. Kamchatka va Chukotkada uchastkalar Moskva vaqti bilan 17 sentabrdayoq ochilgan boʻlsada, asosiy uch kunlik ovoz berish 18 sentabrdan 20 sentabrgacha davom etadi.
Bu safargi saylovlarni oddiy parlament rotatsiyasi deb qarash qiyin. Yangi Duma besh yilga saylanadi. Demak, uning vakolat muddati 2031 yilgacha davom etadi va u nafaqat bugungi harbiy-siyosiy sharoit, balki keyingi prezidentlik sikli, byudjet siyosati, soliqlar, ijtimoiy xarajatlar va ehtimoliy urushdan keyingi davrning ham qonunchilik poydevorini shakllantirishda ishtirok etadi. Rossiya Konstitutsiyasiga koʻra, Davlat dumasi 450 deputatdan iborat va besh yilga saylanadi.
Saylov tizimi qanday ishlaydi?
Rossiyada aralash saylov tizimi amalda: 450 deputatning 225 nafari bir mandatli okruglardan, yana 225 nafari partiya roʻyxatlari asosida saylanadi. Partiya roʻyxatlari boʻyicha mandat taqsimotida ovozlar boʻyicha asosiy chegara — 5 foiz.
2026 yilgi kampaniyada Markaziy saylov komissiyasi 11 partiyaning roʻyxatlarini tasdiqlash jarayonidan oʻtkazdi. Ular orasida amaldagi parlament partiyalari — «Yedinaya Rossiya», KPRF, LDPR, «Novыe lyudi» va «Spravedlivaya Rossiya», shuningdek, «Yabloko» va bir qator kichik partiyalar bor.
Shu sababli saylov natijasini faqat partiyalarning umumiy foizi orqali baholash yetarli emas. Bir mandatli okruglar natijalari ham parlamentdagi kuchlar nisbatiga jiddiy taʼsir qiladi.
Davlat dumasining ahamiyati ham faqat qonun qabul qilish bilan cheklanmaydi. U federal byudjetni koʻrib chiqadi, hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi, prezident taqdim etgan bosh vazir nomzodini tasdiqlaydi, ayrim vazirlarni tasdiqlash jarayonida ishtirok etadi va Markaziy bank rahbarini tayinlash masalasini koʻrib chiqadi. Shu maʼnoda 2026 yildagi saylov — kelgusi besh yil uchun Rossiya davlat siyosatining institutsional bazasini shakllantirish jarayonidir.
Saylovdagi asosiy fon — Ukrainadagi urush
Bu 2022 yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli harbiy harakatlari boshlanganidan keyingi birinchi Davlat dumasi saylovidir. Shu sababli tashqi siyosat va urush saylov kampaniyasining deyarli barcha boshqa mavzulariga taʼsir qilmoqda. Reuters maʼlumotiga koʻra, Vladimir Putin saylovchilarga murojaatida ovoz berishni mamlakat birligi, suverenitet va harbiylar qoʻllab-quvvatlanishining namoyishi sifatida talqin qildi.
Ammo jamoatchilik kayfiyati turli qatlamlarga boʻlinadi. «Levada-sentr» jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining 2026 yil avgust oyida oʻtkazgan soʻrovi natijalariga koʻra, respondentlarning 68 foizi Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainadagi harakatlarini toʻliq yoki qisman qoʻllab-quvvatlagan. Bir vaqtning oʻzida 59 foiz muzokaralarga oʻtish tarafdori boʻlgan, 31 foiz esa harbiy harakatlarni davom ettirishni maʼqullagan.
Bu raqamlar bir qarashda bir-biriga qarshidek tuyuladi, ammo ular Rossiya jamoatchilik fikrida ikki tendensiya bir vaqtning oʻzida mavjudligini koʻrsatadi: Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakatlarini qoʻllab-quvvatlash yuqori darajada saqlanib turgan bir paytda, respondentlarning koʻpchiligi harbiy harakatlarni davom ettirishdan koʻra tinchlik muzokaralariga oʻtishni maʼqullamoqda.
Yana bir muhim koʻrsatkich bor. 1 sentabrda oʻtkazilgan soʻrov qatnashchilarining 55 foizi urush yana bir yildan koʻproq davom etadi deb hisoblagan. Bu «Levada» kuzatuvlaridagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri boʻlgan. Demak, rossiyaliklarning «tez gʻalaba» yoki «urushni tez tugatish» borasidagi umidlari kamayib, uzoq choʻziladigan urushga ruhan moslashib boryapti.
Jamiyatdagi asosiy ziddiyat
Rossiya jamiyatidagi ziddiyatni «urush tarafdorlari — urushga qarshilar» toʻplami tarzida oddiy qilib tushuntirib boʻlmaydi. Yosh guruhlari, shahar va qishloq aholisi, axborotni televideniye yoki internetdan oladiganlar oʻrtasida sezilarli farq kuzatiladi.
«Levada» maʼlumotiga koʻra, 24 yoshgacha boʻlganlar orasida muzokara tarafdorlari 71 foizni tashkil etgan. Harbiy harakatlarni davom ettirish tarafdorlari esa erkaklar (40%), 55 yosh va undan katta respondentlar (33%) hamda mamlakatda ishlar toʻgʻri yoʻnalishda ketayotganini aytganlar (41%) orasida koʻproq boʻlgan.
Axborot manbalari boʻyicha ham farq koʻzga tashlanadi. YouTube kanallariga ishonadigan respondentlar orasida muzokara tarafdorlari koʻproq boʻlgan, televideniye va davlatga yaqin axborot platformalariga tayanadiganlarda esa harbiy siyosatni qoʻllab-quvvatlash yuqoriroq.
Bu holat Rossiyada siyosiy qarashlarning avlodlar, axborot muhiti va urushning shaxsiy hayotga taʼsiri boʻyicha tabaqalanib borayotganini koʻrsatadi.
Iqtisodiyotning saylovga taʼsiri
2026 yilgi ovoz berish Rossiya iqtisodiyotida oʻsish surʼatlari pasaygan davrga toʻgʻri keldi. 17 sentabr kuni prezident Vladimir Putin 2026 yilda iqtisodiy oʻsish 1 foizgacha boʻlishi mumkinligini aytdi.
Reuters’ning 3 sentabrdagi maʼlumotiga koʻra esa, yanvar–iyul oylarida federal byudjet taqchilligi YaIMning 2,8 foiziga yetgan, 2026 yil uchun rasmiy yillik maqsad esa 1,6 foiz etib belgilangan.
Shu bilan birga Rossiyada ishsizlik juda past – atigi 2 foizdan biroz yuqori boʻlib qolmoqda. Ammo Reuters qayd etganidek, bu koʻrsatkich mehnat bozorida ishchi kuchi tanqisligi bilan birga kuzatilyapti: korxonalar malakali xodim topishda qiynalmoqda. Shu bilan birga, 6 foizdan yuqori inflyatsiya va kreditlar qimmatligi biznes hamda aholi xarajatlarini cheklamoqda
Bu ham kamlik qilgandek, yoqilgʻi muammosi ham vaziyatni chigallashtiryapti. Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash obʼektlariga zarbalari ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayoniga oʻta salbiy taʼsir qildi. Hukumat ichki bozorni taʼminlash uchun yoqilgʻi eksportiga cheklovlar kiritishga majbur boʻlyapti. «Levada» sentabrda eʼlon qilgan boshqa maʼlumotga koʻra, benzin tanqisligi har uchinchi soʻrov qatnashchisining hayotiga jiddiy qiyinchilik keltirgan.
Hukumat nimadan xavotirda?
Saylovlar oldidan hukumat xalq noroziligidan xavotirga tushyapti deyish qiyin. Biroq ijtimoiy-iqtisodiy muammolar garchi bu taʼsir Putin hokimiyatiga soya sola olmasada, xalq kayfiyatiga va qaror qabul qilishiga taʼsiri qilishi mumkin.
Masalan, mavjud vaziyat aholining saylovda qatnashish darajasiga taʼsir qiladi. Rossiya rahbariyati saylovchilar faolligi va ovoz berish kayfiyatini urushdan charchash yoki ijtimoiy norozilikning indikatorlaridan biri sifatida diqqat bilan kuzatayotgani aniq. Shuningdek, iqtisodiy jihatlar - sanksiyalar, yuqori harbiy xarajatlar, byudjet taqchilligi, yuqori foiz stavkalari, soliq yuki va yoqilgʻi muammolari uzoq muddatda siyosiy kayfiyatga taʼsir qilishi mumkin.
Muxolifat masalasi qayerda qoladi?
Rasmiy jihatdan saylovda bir nechta partiya ishtirok etmoqda. Ammo Rossiyada urushga munosabat boʻyicha partiyalar orasidagi farq deyarli far qilmaydi.
Reuters «Yabloko» partiyasini Ukrainadagi urushga ochiq qarshi pozitsiya bildirayotgan roʻyxatdan oʻtgan yagona partiya sifatida taʼriflaydi. Shu bilan birga partiyaning ayrim nomzodlari roʻyxatdan chiqarilgan yoki ularga nisbatan huquqiy cheklovlar qoʻllangan.
Rossiya hukumati esa baʼzi axborot va siyosiy cheklovlarni urush sharoitida milliy xavfsizlik hamda davlat birligini saqlash zarurati bilan izohlaydi.
Xalqaro kuzatuv masalasi ham bahsli boʻlib qoldi. Rossiya 2026 yilgi Duma sayloviga YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi — ODIHR kuzatuvchilarini taklif qilmadi. YeXHT bu qarorni tashkilot doirasida qabul qilingan majburiyatlarga mos emas, deb baholadi. Moskva esa soʻnggi yillarda gʻarblik kuzatuv tashkilotlarining xolisligiga shubha bildirib kelyapti.
Ovoz berish arafasida raqamlar nimani koʻrsatdi?
VSIOM ijtimoiy fikrni oʻrganish markazining 31 avgust — 6 sentabr kunlari oʻtkazgan soʻrovida «Yedinaya Rossiya»ni qoʻllab-quvvatlovchilar - 37,4 foiz, KPRFni — 13,1 foiz, «Novыe lyudi»ni — 10,4 foiz, LDPRni — 9,9 foiz, «Spravedlivaya Rossiya»ni — 4,5 foiz soʻralganlar tanlashini aytgan. Respondentlarning 10,9 foizi javob berishga qiynalgan, 8,4 foizi esa saylovda qatnashmasligini bildirgan. Soʻrov 1600 nafar katta yoshli rossiyalik oʻrtasida oʻtkazilgan, maksimal statistik xatolik 2,5 foiz deb koʻrsatilgan.
Albatta barcha respondentlarning 37,4 foizi — saylovdagi 37,4 foiz ovoz degani emas. Soʻralganlarning bir qismi saylovga bormasligi mumkin, boshqalari esa hali qaror qilmagan. Shu sababli, amalda ovoz berish uchastkalariga kelgan saylovchilar orasida partiya ulushi oddiy reytingdan farq qilishi mumkin. Ovoz berishda esa ishtirok darajasi, bir mandatli okruglar va 5 foizlik partiya chegarasi alohida ahamiyatga ega.
(Maʼlumot uchun, partiya roʻyxati boʻyicha Dumaga kirish uchun partiya, qoida tariqasida, kamida 5% ovoz olishi kerak. Masalan, bir partiya 4,5% olsa va toʻsiqdan oʻtolmasa, uning ovozlari partiyaviy mandatlarni taqsimlashda odatda hisobga kirmaydi. Natijada 5 foizlik chegaradan oʻtgan partiyalarning parlamentdagi mandat ulushi ularning umumiy ovoz ulushidan yuqoriroq boʻlishi mumkin).
Shuning uchun 20 sentabr kechasi faqat umumiy foiz emas, balki uchta boshqa koʻrsatkich parlamentdagi partiyalar soni, bir mandatli okruglar taqsimoti va saylovchilar ishtiroki ham muhim boʻladi.
«Yedinaya Rossiya»ning imkoniyatlari
Aytish joiz, xalq orasida norasmiy ravishda “hukumat va Putin partiyasi” deb ataluvchi «Yedinaya Rossiya»ga favorit sifatida qarashadi. Lekin ustunlikni faqat partiya reytingi bermaydi. ning eng muhim resurslaridan biri — Davlat dumasi saylovlarining oʻziga xos tuzilishidir.
450 deputatning yarmi partiya roʻyxatlari boʻyicha, qolgan 225 nafari esa bir mandatli okruglardan saylanadi. Aynan shu yerda eng yirik partiyaning yakuniy natijasi uning mamlakat boʻyicha olgan umumiy foizidan ancha farq qilishi mumkin.
Masalan, muayyan okrugda bir nomzod 35–40 foiz ovoz olsa, qolgan ovozlar bir nechta raqiblar oʻrtasida taqsimlansa, unga mutlaq 50 foizlik koʻpchilik shart emas. Birinchi oʻrinni egallashning oʻzi kifoya qiladi. Shu bois keng hududiy tarmoqqa va kuchli nomzodlarga ega partiya bir mandatli okruglar orqali oʻzining umummilliy reytingidan koʻra kattaroq deputatlik ulushini qoʻlga kiritishi mumkin.
Shuning uchun saylovning asosiy kutilmagan jihati faqat «Yedinaya Rossiya» necha foiz ovoz olishida emas, balki uning nomzodlari necha bir mandatli okrugda gʻalaba qozonishiga bogʻliq.
Partiyaning yana bir muhim resursi — prezident bilan siyosiy yaqinlik. Vladimir Putin rasman «Yedinaya Rossiya» raisi boʻlmasa-da, partiya koʻp yillardan beri Kreml siyosiy kursi bilan bogʻliq kuch sifatida qabul qilinadi. Masalan, saylovlar arafasida prezident fuqarolarni ovoz berishga chaqirib, saylovni milliy birlik, suverenitet va harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlash mavzulari bilan bogʻlaydi.
Bu «Yedinaya Rossiya» uchun ayniqsa muhim, chunki prezidentning shaxsiy reytingi partiyaning oʻz elektoratidan kengroq boʻlishi mumkin. Shu bois saylov kampaniyasi faqat partiya faoliyati atrofida emas, balki davlat siyosati barqarorligi gʻoyasi atrofida ham quriladi.
Shunday boʻlsada, 2026 yilgi saylovlarda «Yedinaya Rossiya» uchun asosiy savol raqiblardan oldinda boʻlish emas, balki qanchalik katta parlament resursini qoʻlga kirita olishi bilan bogʻliq. Chunki aynan mandatlar soni Rossiya urush, sanksiyalar, iqtisodiy sekinlashuv va keyingi prezidentlik siyosiy sikliga tayyorgarlik sharoitida qanday qarorlar qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadi.
Yangi Duma Rossiya siyosatini oʻzgartira oladimi?
Tabiiyki, yangi saylangan Dumaning tarkibi uning keyingi muddatda qanday faoliyat yuritishini belgilaydi. Agar parlamentdagi hozirgi siyosiy muvozanat deyarli saqlanib qolsa, tashqi siyosat, mudofaa xarajatlari va davlat boshqaruvidagi asosiy kurs boʻyicha keskin institutsional burilishlarni kutib boʻlmaydi.
Biroq parlament tarkibidagi kichik oʻzgarishlar ham ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda sezilarli ahamiyat kasb etishi mumkin. Pensiya, soliqlar, harbiylar va ularning oilalariga berilajak imtiyozlar, byudjet taqchilligini qoplash, biznesga soliq yuki, migratsiya va demografiya masalalari boʻyicha partiyalar pozitsiyalari bir xil emas.
Eng muhimi, IX chaqiriq Duma Rossiya iqtisodiyoti uchun ogʻir qarorlar qabul qilinishi mumkin boʻlgan davrda ishlaydi. Urush davom etsa, harbiy xarajatlarni moliyalashtirish masalasi dolzarb boʻlib qolaveradi.
Urush muzokaralar vositasida yakunlansa, boshqa muammolar - harbiylar va veteranlarni fuqarolik hayotiga qaytarish, hududlarni moliyalashtirish, mudofaa sanoatiga bogʻlangan iqtisodiyotni qayta moslashtirish va tashqi iqtisodiy aloqalarni boshqatdan bogʻlash kabi muammolar paydo boʻladi.
Yana bir gap. Putin Ukrainadagi bosqinchilik urushida tinch aholi qonini toʻkayotgan askarlar (sobiq mahbuslar, marginal, piyonista va migrantlar) Rossiyaga qaytsa, kriminal vaziyatni ogʻirlashtirishini yaxshi tushunadi. Hozirdanoq urushdan oʻlmay qaytgan sobiq askarlar kelganiga 1 oy boʻlmasdan yana ogʻir jinoyatlar qilib qamoqqa yoki urushga qaytmoqda. Shu bois Vladimir Putin Ukrainadagi urush ishtirokchilari kelajakda Rossiyaning siyosiy va boshqaruv elitasining muhim qismini tashkil etishi kerakligini bir necha bor taʼkidlagan edi. U frontdan qaytgan harbiylarga taʼlim olish, boshqaruv tajribasini toʻplash va davlat tizimiga kirish uchun sharoit yaratish zarurligini ham aytgan.
Bunday yondashuv oqibati oʻlaroq 2026 yilgi saylovda Ukrainada jang qilgan qariyb 200 nafar veteran turli darajada parlament mandatlari uchun nomzod sifatida ishtirok etmoqda.
Xulosa: saylovning asosiy mohiyati faqat mandatlarda emas
2026 yilgi Rossiya parlament saylovini faqat «qaysi partiya nechta oʻrin oladi?» degan savol bilan cheklash uning siyosiy ahamiyatini kamaytiradi.
Asosiy masala — Rossiya jamiyati qariyb besh yillik urush, sanksiyalar, iqtisodiy bosim va xavfsizlik muhitida davlat siyosatiga qanday munosabat bildirayotganida.
Ovoz berish arafasidagi soʻrovlar bir vaqtning oʻzida ikki tendensiyani koʻrsatmoqda: prezident va davlat institutiga nisbatan sezilarli qoʻllab-quvvatlash saqlanib turibdi, lekin muzokaralarga talab, urushning uzoq davom etishidan xavotir va kundalik iqtisodiy muammolar ham jamiyatning muhim qismi uchun dolzarb. VSIOM 31 avgust — 6 sentabr oraligʻida Putin faoliyatini maʼqullash koʻrsatkichini 67,4 foiz, unga ishonchni 73,1 foiz deb qayd etgan.
Ayni paytda, yuqorida ziko etilganidek, «Levada» soʻrovida aksariyat soʻralganlar Ukraina boʻyicha muzokaralar tarafdori boʻlgan.
Bu ikki raqam Rossiyadagi bugungi siyosiy paradoksni yaxshi ifodalaydi: davlat rahbariyatiga ishonch bilan urushning tugashini istash – bitta qalbga jo boʻla olishi mumkin ekan.
Vaziyatni aniq baholash uchun saylovlardan - 20 sentabrdan keyin eʼtiborni faqat gʻoliblar va magʻlublarga emas, balki saylovchilar ishtirokiga, partiyalar oʻrtasidagi ovozlar qayta taqsimotiga, yirik shaharlar va hududlar oʻrtasidagi farqlarga ham qaratish kerak boʻladi.
Chunki 2026 yilgi saylovning eng muhim natijasi parlamentdagi 450 oʻrinning rasmiy taqsimotidan koʻra kengroq ahamiyat kasb etadi. Saylov natijalari Rossiya jamiyatining uzoqqa choʻzilgan urush, iqtisodiy bosim va noaniq kelajak sharoitida davlat bilan munosabati qanday oʻzgarayotganini koʻrsatuvchi siyosiy indikatorga aylanishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov
