Qoraqalpogʻistondagi tibbiyot akademiyasida yiliga qariyb 10 ming mutaxassis malaka oshiradi
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda har yili Orolboʻyi mintaqasidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlanadi. Ularning taʼlim olishi va yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega malakali mutaxassislarga bogʻliq. Shu bois, Qoraqalpogʻistonda shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarining malakasini tizimli oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi tashkil etilgan akademiya soha xodimlarini xalqaro standartlar va ilgʻor texnologiyalar asosida qayta tayyorlashning tayanch markaziga aylanadi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, hududdagi tibbiyot muassasalarini xususiy sektor ishtirokida ilm-fan, taʼlim va amaliyotni birlashtirgan yagona innovatsion klasterga aylantirish belgilangan.

Ana shu maqsadda 4,6 gektar maydonda umumiy qiymati 154 milliard soʻm boʻlgan zamonaviy majmua barpo etildi, 80 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Akademiyada yiliga 3 ming nafar shifokor hamda 6 ming 800 nafar oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimi malakasini oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Shuningdek, har yili Orolboʻyi mintaqasidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlanadi.
Ularning taʼlim olishi va yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 oʻrinli zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritmoqda.

Amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish uchun 18 ta simulyatsion xona tashkil etilgan. Ularda 50 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha raqamli va simulyatsion taʼlim yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mutaxassislarni 100 dan ziyod tibbiy amaliyot boʻyicha xalqaro standartlar asosida tayyorlashga xizmat qiladi.
Muassasa zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Edge Medical” jarrohlik roboti oʻrnatilgan. U simulyatsion oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish bilan birga real klinik sharoitda masofaviy operatsiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi.

Akademiya nufuzli xorijiy tibbiyot markazlari va yetakchi universitetlar, jumladan, AQShning Pittsburg hamda Germaniyaning Frayburg universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Xalqaro oʻquv kurslari va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilib, telemeditsina va raqamli taʼlim texnologiyalari joriy qilingan.
Davlatimiz rahbari akademiyaning amaliy mashgʻulot xonalarini koʻzdan kechirdi, talabalar va soha xodimlari bilan muloqot qildi.
