Qoraqalpogʻistonda 7 mlrd dollarlik yangi loyihalar qurilishiga start berildi
Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi. Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat koʻrsatish sohalarini qamrab olgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
Soʻnggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2016 yilda Qoraqalpogʻistonning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil boshiga kelib 54 trillion soʻmdan oshdi. Mahsulot ishlab chiqarishda xususiy sektorning ulushi 66 foizga yetdi. Faol tadbirkorlik subʼektlari soni 2,5 barobar koʻpayib, 26,5 mingtani tashkil etdi.
Soʻnggi toʻqqiz yilda yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish uchun Qoraqalpogʻistonga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hududda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qoʻshma korxonalar soni 2018 yilga nisbatan 2,2 barobar oshib, 271 tani tashkil etdi.

Marosim doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi.
Xususan, Qoraoʻzak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.
Ishga tushirilgan obʼektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona bor. Qiymati 27 million dollar boʻlgan 100 oʻrinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan. Bu yerda 80 ta ish oʻrni yaratildi. Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Raqamli infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishida Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining 150 million dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Nukus shahrida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan “SAPSAN TRANS NO‘KIS” korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan boʻlib, yil yakuniga qadar qoʻshimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.
Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat koʻrsatish sohalarini qamrab olgan.
Qoʻngʻirot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar boʻlgan 1,5 gigavattli yirik shamol elektr stansiyasini qurish va yagona energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga oʻtmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmogʻi tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.
Chimboy tumanida koreyalik investorlar bilan respublikada ilk bor qizilmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yoʻlining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi. Nukus shahri jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish va depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.
Xitoylik hamkorlar bilan Qoʻngʻirot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 milliard 281 million dollar boʻlgan raqamli valyuta ishlab chiqarish va sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Taxtakoʻpir tumanida ham maʼlumotlar markazi barpo etiladi. Nukus shahrida chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.
Qoraoʻzak tumanidagi “Zengibobo” konida oltin qazib olish boʻyicha 20 million dollarlik korxona barpo etiladi. Amudaryo tumanida esa 15 million dollarlik zamonaviy yirik savdo markazi tashkil qilinadi.
Ijtimoiy sohada hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatish shifoxonasi tashkil etilmoqda.
Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukus shahridagi “Doʻstlik” kanali boʻyida Toshkentdagi “Seul Mun” namunasi asosida 103 million dollarlik dam olish, koʻngilochar va savdo markazi barpo etiladi.
Marosimda xorijiy hamkorlar loyihalarni amalga oshirish va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi. Viloyat hokimlari oʻzlariga biriktirilgan tumanlarda yangi ish oʻrinlari yaratish va kambagʻal oilalar daromadini oshirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.
Davlatimiz rahbari nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini har bir loyiha ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga chaqirdi. Bunday yondashuv oilalar farovonligini taʼminlash, yoshlar kelajagi va Orolboʻyining mustahkam iqtisodiy poydevorini yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Ramziy tugma bosilib, yangi obʼektlar ishga tushirildi va qurilish ishlariga start berildi. Investorlar va hudud faollari bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.
Shu yerning oʻzida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi Oʻzbekiston” turar joy massivining taqdimoti ham oʻtkazildi. Massiv uchun 270 gektar maydon belgilanib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan. Bu yerda 30 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uy-joylar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat koʻrsatish va koʻngilochar obʼektlar quriladi.
