Nukusdagi texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro taʼlim dasturi joriy etildi
Bu yerda dual taʼlimni yoʻlga qoʻyib, hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilariga 70 dan ortiq davlatda tan olinadigan diplom beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda kasbiy taʼlim tizimi isloh qilinib, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish, ichki va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 17 iyuldagi “Respublikada xalqaro taʼlim standartlari asosida oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mazkur texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro taʼlim dasturi joriy etildi.

Dunyoning 70 ta mamlakatida qoʻllanilayotgan ushbu dastur Oʻzbekistonda ilk bor mazkur texnikumda yoʻlga qoʻyildi. Uning asosiy xususiyati nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirishdir. Shu maqsadda taʼlim standartlariga mos zamonaviy oʻquv ustaxonalari va raqamli laboratoriyalar tashkil etildi.
Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard soʻm boʻlib, shundan 2 milliard soʻm hamkorlar tomonidan ajratildi. Natijada 240 oʻrinli zamonaviy ustaxonalar yaratildi. Texnikumda jami 1 ming 203 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.
Muassasa 4 gektar maydonda joylashgan boʻlib, bino va inshootlarining umumiy maydoni 4,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda dual taʼlimni yoʻlga qoʻyib, hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash koʻzda tutilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilariga 70 dan ortiq davlatda tan olinadigan diplom beriladi.

Xususiy hamkor Salovutdin Ilyosov ishtirokida “spin-off” taʼlim dasturi ham yoʻlga qoʻyilgan. Uning doirasida 136 nafar oʻquvchi talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasblarni egallamoqda. Asosiy fanlar ingliz tilida oʻqitilib, oʻquv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etilmoqda. Bu oʻquvchilarning kasbiy bilimlari bilan birga sohaviy til koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Amaliy tayyorgarlik natijasida bitiruvchilarning xorijda ishlash imkoniyatlari kengaymoqda. Joriy yilda texnikumda payvandchilik boʻyicha oʻqitilgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi. Ular oyiga 3 ming yevrogacha ish haqi olmoqda.
Shuningdek, tashkil etilayotgan 40 million dollarlik sanoat zonasi uchun zarur mutaxassislarni mazkur texnikumda tayyorlash boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Bu taʼlimni ishlab chiqarish bilan bogʻlash va bitiruvchilar bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etilib, oʻquv jarayonlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
