Nigeriyada spirtli ichimlik ichish oqibatida salkam 50 kishi vafot etdi
Gap "Maymun dumi" nomi bilan tanilgan mashhur alkogolli ichimlik haqida ketmoqda. Uning tarkibida metanol moddasi borligi gumon qilingan.

Nigeriyada tarkibida metanol borligi gumon qilingan spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish natijasida qariyb ellik kishi vafot etdi.
Mamlakatda mahalliy spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish ayniqsa, qishloq joylarda keng tarqalgan, chunki u yerda qalbaki spirtli ichimliklarni topish oson va uning tarqatilishi tartibga solinmagan.
Rasmiylar xabar berishicha, Nigeriyaning janubida mahalliy spirtli ichimlikni ichganidan keyin kamida 48 kishi vafot etdi va yana 100 ga yaqin odam davolanmoqda.
Ondo shtati sogʻliqni saqlash vaziri Banji Ajaka Odigbo va Irele mahalliy boshqaruv hududlarida zaharlanish holatlari qayd etilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, jami 182 kishi jabrlandi, ularning baʼzilari kasalxonada davolanmoqda.
"Men juma kuni spirtli ichimlik ichdim va uydan chiqdim. Shanba kuni hech narsa koʻra olmayotganimni payqadim", dedi jabrlanuvchilardan biri, 32 yoshli Sola Adebayo mahalliy TVC News telekanaliga.
Associated Press agentligining tushuntirishicha, mahalliy ishlab chiqarilgan spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish Afrikaning eng aholisi zich joylashgan mamlakati Nigeriyada, ayniqsa, arzonroq va kamroq tartibga solingan qishloq joylarda keng tarqalgan.
"Hammasi juda tez sodir boʻladi. Shuncha miqdorda spirtli ichimlik isteʼmol qilganingizdan soʻng, buyraklaringiz ishdan chiqadi, koʻrish qobiliyatingiz yomonlashadi va miyangiz shikastlanadi", dedi vazir Ajaka Associated Press agentligiga ichimlik haqida gapirib.
Ondo shtati politsiyasi vakili Abayomi Djimohning aytishicha, hodisa yuzasidan 15 kishi hibsga olingan, jumladan, "metanol saqlaganlikda gumon qilingan moddalarni ishlab chiqarishda ishtirok etgan va hozirda politsiyaga tergovda yordam berayotgan" bir kishi ham bor.
Mahalliy aholi Associated Press agentligiga "Maymun dumi" nomi bilan tanilgan mashhur yuqori alkogolli oʻsimlik ichimligi metanol bilan aralashtirilgan va bu oʻlimga olib kelgan deb hisoblashlarini aytishdi.
