NATO bosh kotibi kelajakdagi ikki urush ssenariysi haqida soʻz ochdi
Mark Ryutte Germaniya diplomatik vakolatxonalari rahbarlari konferensiyasidagi nutqida, agar Xitoy Tayvan yoki Birinchi orollar zanjiridagi boshqa hududlarga qarshi harakat qilsa, Pekin Moskvaga murojaat qilib, Rossiyadan Yevropada Gʻarbni “band qilib turish”ni soʻrashi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bunday vaziyatda NATO bir vaqtning oʻzida ikki strategik teatrga eʼtibor qaratishiga toʻgʻri keladi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte soʻnggi chiqishlaridan birida Xitoy Tayvanga qarshi harbiy harakat boshlagan taqdirda, Rossiya Yevropadagi vaziyatni keskinlashtirib, Gʻarbning eʼtiborini ikki yoʻnalishga boʻlishi mumkinligini aytdi. Bu “ikki urush muqarrar” degani emas. Biroq Ryutte taʼriflagan ssenariy NATOning kelajakdagi xavfsizlik rejalari qanday oʻzgarayotganini koʻrsatadi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte xalqaro xavfsizlik muhokamalarida tobora koʻproq tilga olinayotgan bir ssenariyni yana bir bor ochiq bayon qildi: Yevropadigi Rossiya tahdidi va Hind-Tinch okeanidagi Xitoy-Tayvan qarama-qarshiligi endilikda ikki alohida geosiyosiy muammo sifatida koʻrilmayapti.
Ryutte 2026 yil sentabrida Germaniya diplomatik vakolatxonalari rahbarlari konferensiyasidagi nutqida, agar Xitoy Tayvan yoki Birinchi orollar zanjiridagi boshqa hududlarga qarshi harakat qilsa, Pekin avvalo Moskvaga murojaat qilib, Rossiyadan Yevropada Gʻarbni “band qilib turish”ni soʻrashi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bunday vaziyatda NATO bir vaqtning oʻzida ikki strategik teatrga eʼtibor qaratishiga toʻgʻri keladi.
U mavjud Rossiya-Ukraina urushi fondida, kelajakda Tayvan atrofida harbiy mojaro yuzaga kelishi mumkin boʻlgan shartli vaziyatni tasvirlamoqda.
Ikki front
Germaniyadagi yigʻilishda NATO bosh kotibi ikki front yoki boʻlmasa “ikki teatr” tushunchalarini koʻp bora tilgan olgan. Ryutte ishlatayotgan “ikki teatr”ning birinchi qismi — Yevro-Atlantika hududi. Bu yerda asosiy xavf Rossiya va uning Ukrainaga qarshi urushi bilan bogʻliq. NATO rahbari avvalgi chiqishlarida ham Rossiyani alyans uchun uzoq muddatli asosiy xavf sifatida koʻrsatgan.
Ikkinchi yoʻnalish esa — Hind-Tinch okeani, xususan Tayvan masalasi.
Ryutte aytgan ssenariyga koʻra, agar Xitoy Tayvanga qarshi harbiy operatsiya boshlasa, AQShning asosiy eʼtibori Tinch okeaniga qaratiladi. Shu paytda Rossiya Yevropada bosimni kuchaytirsa, Vashington va Yevropa davlatlari bir vaqtning oʻzida ikkita katta strategik inqiroz bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladi.
Shu sababli Ryutte “Hind-Tinch okeani va Yevropa tobora koʻproq oʻzaro bogʻlanmoqda", degan xulosani ilgari surmoqda.
Nega aynan AQSh markazda?
Ryutte bayonotining yana bir muhim qismi AQShning harbiy resurslari bilan bogʻliq.
AQSh bir vaqtning oʻzida Yevropa, Gʻarbiy yarimshar va Hind-Tinch okeanidagi manfaatlarini himoya qilishi kerak. Demak, Vashingtonning harbiy resurslari bir nechta strategik yoʻnalishga taqsimlanadi.
NATO bosh kotibi boshqa chiqishlarida ham AQShning bir vaqtning oʻzida “ikki teatr”ga eʼtibor qaratishi mumkinligini va shuning uchun Yevropa davlatlari ayrim mudofaa imkoniyatlarini oʻz zimmasiga olishi kerakligini aytgan.
Bu NATOning harbiy rejalashtirishiga bevosita taʼsir qilmoqda. Masalan, Ryutte NATOning “Force Model” tizimi doirasida AQSh bir vaqtning oʻzida Hind-Tinch okeani va Yevropadagi inqirozlarga javob berishga majbur boʻlsa, Yevropa davlatlari qanday qoʻshimcha imkoniyatlarni taqdim etishi kerakligini oldindan hisoblash zarurligini taʼkidlagan.
Ryutte nima uchun Putin va Si Szinpivni bir ssenariyda birlashtirmoqda?
Ryutte bayonotidagi eng eʼtiborli jihatlardan biri — u Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi ehtimoliy strategik muvofiqlikni tilga olmoqda.
Uning fikricha, Xitoy Tayvan masalasida harakat qilsa, Si Szinpin Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Yevropadagi vaziyatni keskinlashtirish orqali Gʻarbni band qilib turishni soʻrashi mumkin.
NATO rahbari bu fikrni avval ham bir necha bor bildirgan. 2025 yil sentabridagi chiqishida u Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Putin Yevropada NATOni band qilib turish uchun harakat qilishi mumkinligini aytgan edi. 2026 yil yanvarida esa Ryutte Rossiya maʼlum vaqt oraligʻida NATOga qarshi harakat qilish uchun zarur salohiyatga ega boʻlishi mumkinligi haqida NATO xavfsizlik xizmatlarining baholarini tilga olgan va Tayvan ssenariysi yuzaga kelganda Putin bosim oʻtkazishi mumkinligini aytgan.
Bu NATOning Tayvan uchun urushga kirishini anglatadimi?
Ryutte NATOning Hind-Tinch okeaniga bevosita harbiy kengayishi yoki Tayvanga NATOning 5-moddasi tatbiq etilishini aytmagan. Aksincha, u NATOning Hind-Tinch okeanidagi davlatlar bilan hamkorligini alohida mexanizm sifatida koʻradi.
NATO bugungi kunda Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan yaqin hamkorlik qiladi. Ushbu davlatlar NATO terminologiyasida “IP4 — Indo-Pacific Four” deb yuritiladi.
Ryutte 2026 yil iyulida ham NATOning Hind-Tinch okeani davlatlari bilan hamkorligi kuchayayotganini, biroq bu NATOning 5-moddasini Hind-Tinch okeaniga kengaytirish degani emasligini taʼkidlagan.
Rossiya va Xitoyning manfaatlari bir xilmi?
Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlik sezilarli darajada kuchaygan. NATO esa Moskva, Pekin, Pxenyan va Tehron oʻrtasidagi hamkorlikning kuchayishini oʻz xavfsizlik rejalari uchun muhim omil sifatida koʻrmoqda. Biroq bu davlatlar oʻrtasida NATOga oʻxshash yagona kollektiv mudofaa ittifoqi mavjud emas.
AQSh uzoq vaqt davomida NATOning asosiy harbiy tayanchi boʻlib kelgan. Ammo Vashingtonning strategik manfaatlari koʻproq Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga ham qaratilmoqda.
Ryutte fikricha, bu Yevropada oʻz mudofaa salohiyatini kuchaytirishga majbur qiladi.
Yaʼni Yevropa AQShning harbiy imkoniyatlarini toʻliq almashtirishni emas, AQSh bir vaqtning oʻzida boshqa mintaqaga koʻproq resurs yoʻnaltirgan taqdirda yuzaga keladigan boʻshliqni kamaytirishni maqsad qilmoqda.
