Koreya Respublikasida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tantanali ravishda ochildi
Madaniy dasturda Oʻzbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayxo Boyxonova, Kamoliddin Oʻrinboyev, Ilyos Arabov va Aygul Nodirova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ozoda Nursaidova, shuningdek, taniqli xonandalar Hulkar Abdullayeva va Ulugʻbek Yoʻlchiyev ishtirok etdi. Shuningdek, konsert dasturidan Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri, “Navbahor” raqs ansambli, maqom va opera sanʼati xonandalarining chiqishlari oʻrin oldi.

Joriy yilning 14–21 sentabr kunlari Koreya Respublikasining Kochxon, Boryon, Seul, Chondju, Andon va Sunchxon shaharlarida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” oʻtkazilmoqda.
Madaniyat kunlari doirasida kuni kecha Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi “Sejong Art Center”ning “Grand Theater” konsert zalida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimi hamda konsert dasturi boʻlib oʻtdi. (Seulda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimidagi konsert dasturini YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.)

Tadbirda Oʻzbekistonning boy milliy musiqa va sanʼat merosi keng namoyish etildi. Madaniy dasturda Oʻzbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayxo Boyxonova, Kamoliddin Oʻrinboyev, Ilyos Arabov va Aygul Nodirova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ozoda Nursaidova, shuningdek, taniqli xonandalar Hulkar Abdullayeva va Ulugʻbek Yoʻlchiyev ishtirok etdi. Shuningdek, konsert dasturidan Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri, “Navbahor” raqs ansambli, maqom va opera sanʼati xonandalarining chiqishlari oʻrin oldi. Tomoshabinlarga oʻzbek simfonik musiqasi, milliy raqs, maqom va opera sanʼati hamda zamonaviy estrada namunalari taqdim etildi.
Mazkur madaniy tadbirlarning asosiy maqsadi Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, zamonaviy sanʼati va milliy qadriyatlarini Koreya jamoatchiligiga keng namoyish etish, ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ijodiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat.


Madaniyat kunlari dasturi keng qamrovli boʻlib, Koreya Respublikasining turli shaharlarida simfonik konsertlar, koʻrgazmalar, uchrashuvlar va boshqa madaniy tadbirlarni qamrab olgan.
Jumladan, 14 sentabr kuni Kochxon shahridagi “Gochang Cultural Center” majmuasida, 15 sentabr kuni Boryon shahridagi “Boryeong Culture and Arts Center” majmuasida “Oʻzbek madaniyati fasllari” simfonik konsert dasturlari namoyish etildi. 16–17 sentabr kunlari Seul shahridagi “Sejong Art Center”da madaniyat kunlarining tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi oʻtkazildi. Shuningdek, “Oʻzbek madaniyati fasllari” foto va milliy liboslar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Dasturga muvofiq, 18 sentabr kuni Chondju shahridagi “Korean Traditional Music Center”, 19 sentabr kuni Andon shahridagi “Andong Art Center” majmualarida “Oʻzbek madaniyati fasllari” simfonik konsert dasturlari oʻtkaziladi. 21 sentabr kuni esa Sunchxon shahridagi “Suncheon Cultural Center” majmuasida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali yopilish marosimi va konsert dasturi boʻlib oʻtadi.
Madaniyat kunlari doirasida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan Koreya Respublikasida madaniyat va sanʼat, taʼlim hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar ham oʻtkazildi.
.jpg)
Xususan, Seul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri Chxve Xvi Yon oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi Seuldagi “Sungshin Women’s University” universitetida boʻlib, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti hamda “Sungshin Women’s University” oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasida taʼlim hamda tajriba almashinuvini rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasida akademik aloqalarni kengaytirish, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Koreya Respublikasida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasidagi uchrashuvlari doirasida Koreya Respublikasi jamgʻarmasi prezidenti Gvido Song bilan ham muloqot tashkil etildi. Unda ikki mamlakat oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Madaniyat kunlari doirasida Koreya Respublikasida “Sanʼat va Buyuk Ipak yoʻli — doʻstlik yoʻllarini bogʻlovchi rishtalar” koʻrgazmasi ham ochildi. Koʻrgazmada Oʻzbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, sanʼati va ijodiy anʼanalari namunalari koreys jamoatchiligiga taqdim etilmoqda.
Keng qamrovli madaniy dastur Oʻzbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targʻib qilish, ikki mamlakat ijodkorlari va madaniyat muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
