Fargʻonada 30 dan ortiq odam fast-fuddan zaharlangani aytilmoqda
17–18 sentabr kunlari Uchkoʻprik tumanida fuqarolar holsizlik, koʻngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Shifokorlar tomonidan bemorlarda ovqatdan zaharlanish holatiga gumon qilingan. 18 sentabr kuni soat 17:00 holatiga jami 37 nafar fuqaro tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan. Ularning 31 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Uchkoʻprik tumanida ovqatdan zaharlanishda gumon qilingan fuqarolar shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi maʼlum qildi.
2026 yil 17-18 sentabr kunlari Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar holsizlik, koʻngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Dastlabki epidemiologik surishtiruv jarayonida murojaat qilgan fuqarolar Uchkoʻprik tumani Navroʻzshoh koʻchasida joylashgan "fast-fud" mahsulotlari tayyorlaydigan shoxobchalardan birida xot-dog va non-burger kabi mahsulotlarni isteʼmol qilgani aniqlangan.
Shifokorlar tomonidan bemorlarda ovqatdan zaharlanish holatiga gumon qilingan.
2026 yil 18 sentabr soat 17:00 holatiga jami 37 nafar fuqaro tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan. Ularning 31 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda bemorlarga mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Gumondagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda bemorlardan tekshiruv oʻtkazish uchun tegishli namunalar olingan va tegishli laboratoriyalarda tekshirilmoqda. Tadbirkorlik subʼektining faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtinchalik toʻxtatildi.
Holat boʻyicha qoʻshimcha axborot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
