BMW`da YPX inspektorini urib ketgan shaxs 2,4 yilga qamaldi
Doniyor Turgʻunov 25 fevral kuni birovga tegishli BMW avtomashinasini avtomobil yuvish shoxobchasidan olib chiqib ketgan va YPX xodimi Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi. Eshnazarov shifoxonada vafot etgandi.

YPX inspektorini avtomobilda urib yuborib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan voyaga yetmagan shaxsga hukm oʻqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Mirobod tuman sudida Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismining “d” bandi boʻyicha (jabrlanuvchining vafotiga sabab boʻlgan darajada qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) Doniyor Turgʻunovga (2010 yilda tugʻilgan, xususiy maktabning 10-sinf oʻquvchisi) nisbatan yuritilgan jinoyat ishi yuzasidan yopiq sud majlisi nihoyasiga yetdi.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining qayd etilgan moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilib, unga nisbatan (JKning 85-moddasi tartibida) 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hukmga koʻra, jazoni oʻtash muddati sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan 2026 yilning 27 fevral kundan boshlab hisoblanadi.
Yakunda raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm mazmuni, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi hamda sud hukmiga nisbatan shikoyat qilish muddati va tartiblari tushuntirildi.
Taʼkidlash kerak, Doniyor Turgʻunov 25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli boʻlgan BMW avtomashinasini avtomobil yuvish shoxobchasidan xodimlarni ogohlantirmasdan olib chiqib ketgan.
U Mirobod tumani Nukus koʻchasida harakatlanayotganda transport oqimini tartibga solish maqsadida toʻxtash ishorasini bergan YPX inspektori, kichik serjant Hosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga boʻysunmagan. Aksincha, boshqa transport vositalarini xavfli tarzda aylanib oʻtib, inspektorni qasddan urib yuborgan va voqea joyidan harakatini davom ettirgan. Hosilbek Eshnazarov esa shifokorlarning harakatlariga qaramasdan vafot etgandi.
