Avval tintuv, keyin sud: Konstitutsiyaviy sudga muhim murojaat kelib tushdi
Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz muhim masala yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi. Bu Jinoyat-protsessual kodeksining 158¹-moddasi bilan bogʻliq. Unga koʻra, “kechiktirib boʻlmaydigan hollarda” tintuv tergovchi yoki surishtiruvchining qarori bilan, sudning oldindan roziligisiz oʻtkazilishi mumkin. Sud esa keyin uning qonuniyligini tekshiradi.

Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz muhim masala yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi.
Bu Jinoyat-protsessual kodeksining 158¹-moddasi bilan bogʻliq. Unga koʻra, “kechiktirib boʻlmaydigan hollarda” tintuv tergovchi yoki surishtiruvchining qarori bilan, sudning oldindan roziligisiz oʻtkazilishi mumkin. Sud esa tintuv oʻtkazib boʻlingach, uning qonuniyligini tekshiradi.
Ammo Konstitutsiyaning 31-moddasida qoida aniq, yaʼni uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Milliy markaz pozitsiyasining mazmuni oddiy, yaʼni onstitutsiya uy-joyda tintuv oʻtkazish uchun bir vaqtning oʻzida ikkita shartni - qonunga muvofiqlikni va sud qarorini talab qilmoqda. Unda “kechiktirib boʻlmaydigan hollarda sud qarorisiz ham mumkin” degan istisno yoʻq.

Shuning uchun Markaz JPKdagi mazkur norma Konstitutsiyaning 31-moddasiga muvofiqmi-yoʻqmi, degan masalaga Konstitutsiyaviy suddan rasmiy va yakuniy huquqiy baho berishni soʻragan.
Bu pozitsiyani bir qator huquqiy va ilmiy muassasalarning xulosalari ham quvvatlamoqda.
Adliya vazirligi uy-joyda tintuv oʻtkazishda “qonunga muvofiq” va “sudning qaroriga asosan” degan ikki talab birgalikda bajarilishi shartligini bildirib, masalani Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligini qayd etgan.
Odil sudlov akademiyasining ilmiy pozitsiyasi yanada aniq.Tintuvdan keyin chiqarilgan sud ajrimi nazorat vazifasini bajarishi mumkin, ammo tintuvdan oldin mavjud boʻlishi lozim boʻlgan sud qarorining oʻrnini bosmaydi.
Toshkent davlat yuridik universiteti ham JPKning mazkur qismi Konstitutsiyaning 31-moddasiga nomuvofiq shakllantirilgan, degan xulosaga kelgan.
Yuridik universitet tadqiqot markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti ilmiy munosabatida ham jiddiy konstitutsiyaviy ziddiyat mavjudligi, “kechiktirib boʻlmaydigan holat” tushunchasi esa qonunda aniq chegaralanmagani koʻrsatilgan.
"Masalaning eng sodda mazmuni shuki, sud qarori tintuvning asosi boʻlsa, u tintuvdan oldin mavjud boʻlishi kerak. Avval uyga kirib, tintuv oʻtkazib, keyin suddan uni qonuniy deb topishni soʻrash - oldindan berilgan sud ruxsati emas.
Qonunga xilof tintuvda olingan dalillarni keyinchalik nomaqbul deb topish mumkin. Ammo buzib kirilgan eshikni, oshkor boʻlgan oilaviy sirni va poymol etilgan uy-joy daxlsizligini orqaga qaytarib boʻlmaydi", deya fikr bildirgan advokat Abdumalik Abdullayev.
